Sherzod Xodjayev O‘zbekiston energetika vaziri etib tayinlandi
Sherzod Xodjayev O‘zbekiston energetika vaziri etib tayinlandi
Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — Sherzod Xodjayev O‘zbekiston energetika vaziri etib tayinlandi. Tegishli farmonni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti imzoladi.
Yangi lavozimga tayinlanguniga qadar Xodjayev Energetika bozorini rivojlantirish va tartibga solish agentligini boshqargan. Vazir lavozimiga tayinlangani munosabati bilan u agentlik direktori lavozimidan ozod etildi.
Avvalroq Sherzod Xodjayev nomzodi Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlari tomonidan maʼqullangan edi.
Jo‘rabek Mirzamahmudov O‘zbekiston Respublikasi energetika vaziri lavozimidan ozod etildi.
Jo‘rabek Mirzamahmudov Energetika vazirligini qariyb to‘rt yil — 2022 yil sentyabridan buyon boshqarib kelgan. Ushbu lavozimga tayinlanguniga qadar “O‘zatom” agentligi va “O‘zkimyosanoat” kompaniyasiga rahbarlik qilgan. 2019–2020 yillarda Mirzamahmudov energetika vazirining birinchi o‘rinbosari — “O‘zatom” bosh direktori lavozimida ham ishlagan.
Sherzod Hikmatullayevich Xodjayev O‘zbekiston energetika sohasida ko‘p yillik ish tajribasiga ega.
1998–2001 yillarda u Energetika va elektrlashtirish vazirligining energetika sohasida boshqaruvni avtomatlashtirish korxonasida muhandis-dasturchi hamda III toifali muhandis-dasturchi bo‘lib ishlagan.
2001–2003 yillarda Xodjayev “O‘zbekenergo” davlat aksiyadorlik kompaniyasining “EnergoABTsozlash” sho‘ba korxonasida II toifali muhandis-dasturchi lavozimida faoliyat yuritgan.
2004–2005 yillarda u «Azizxon va o‘g‘li» xususiy firmasida menejer bo‘lib ishlagan. 2005–2006 yillarda “O‘zbekenergo” tizimidagi faoliyatini davom ettirib, axborot texnologiyalari va avtomatlashtirilgan boshqaruv tizimlari sohasida II va I toifali muhandis lavozimlarida ishlagan.
2006–2008 yillarda Xodjayev “O‘zbekenergo”ning “Energosotish” filialida faoliyat yuritgan. U yerda ketma-ket I toifali muhandis, energiya isteʼmolini tahlil qilish va prognozlash bo‘limi yetakchi muhandisi, keyin esa yig‘ma axborot tahlili bo‘limi yetakchi muhandisi lavozimlarida ishlagan. 2008 yilda u «Toshkent elektr tarmoqlari» OAJning “Energosotish” xizmatiga rahbarlik qilgan, 2008–2010 yillarda esa “Energosotish” filialining yig‘ma axborot tahlili bo‘limi boshlig‘i bo‘lgan.
2010–2017 yillarda Xodjayev “O‘zbekenergo” AJ “Energosotish” filiali direktorining istiqbolli rivojlanish bo‘yicha o‘rinbosari lavozimida ishlagan. 2017–2018 yillarda ushbu filialga direktorlik qilgan.
2018–2019 yillarda Xodjayev “O‘zbekenergo” AJning «EEHO va NQATni joriy etish va muvofiqlashtirish direksiyasi» MCHJga rahbarlik qilgan.
2019–2023 yillarda u O‘zbekiston Respublikasi energetika vazirining o‘rinbosari lavozimida ishlagan. 2023 yilda Xodjayev Energetika vazirligi huzurida elektr energetikasi sohasini isloh qilish bo‘yicha Loyiha ofisiga rahbarlik qilgan.
2024 yildan u O‘zbekiston Respublikasi Energetika bozorini rivojlantirish va tartibga solish agentligini boshqarib kelgan.