Misrdan O‘zbekistonga xavfli jinoyatchi ekstraditsiya qilindi
Misrdan O‘zbekistonga xavfli jinoyatchi ekstraditsiya qilindi
Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — Misr Arab Respublikasidan uzoq vaqt davomida xalqaro qidiruvda bo‘lgan o‘ta xavfli jinoyatchi O‘zbekistonga ekstraditsiya qilindi. Bu haqda O‘zbekiston Respublikasi Interpol Milliy markaziy byurosi xabar qildi.
Idora maʼlumotlariga ko‘ra, xalqaro hamkorlikni tashkil etishda asosiy muvofiqlashtiruvchi vazifani O‘zbekiston Interpol Milliy markaziy byurosi bajargan. Qohira shahridagi Interpol Milliy markaziy byurosi bilan hamkorlikda tezkor axborot almashinuvi, xalqaro qidiruvni muvofiqlashtirish, ikki mamlakatning vakolatli organlari o‘rtasidagi hamkorlik, shuningdek qidiruvdagi shaxsni qo‘lga olish va keyinchalik ekstraditsiya qilish uchun zarur materiallarni o‘z vaqtida taqdim etish taʼminlangan.
Qayd etilishicha, mazkur shaxs O‘zbekiston huquqni muhofaza qiluvchi organlari tashabbusi bilan tovlamachilik hamda yana bir qator og‘ir jinoyatlarni sodir etganlik ayblovi bilan xalqaro qidiruvga berilgan.
Xalqaro qidiruv tadbirlari davomida gumonlanuvchining davlatlar o‘rtasidagi harakatlanish yo‘nalishlari aniqlangan va uning Misr hududida ekani tasdiqlangan. Interpol kanallari orqali maʼlumot olingach, Misrning vakolatli organlari qidiruvdagi shaxsni qo‘lga olgan.
Ekstraditsiya to‘g‘risidagi so‘rov ko‘rib chiqilganidan so‘ng, Misr tomoni gumonlanuvchini O‘zbekistonga topshirish to‘g‘risida qaror qabul qildi. Barcha zarur xalqaro-huquqiy tartib-taomillar yakunlanganidan keyin u O‘zbekiston Interpol Milliy markaziy byurosi xodimlariga topshirildi va O‘zbekiston Respublikasi qonunchiligiga muvofiq jinoiy javobgarlikka tortish uchun mamlakatga olib kelindi.
O‘zbekiston Respublikasi Interpol Milliy markaziy byurosida taʼkidlanishicha, ushbu ekstraditsiya xalqaro politsiya hamkorligi hamda ikki davlat huquqni muhofaza qiluvchi organlari o‘rtasidagi o‘zaro hamkorlik samaradorligining yana bir amaliy namunasi bo‘ldi.