Beybut Atamqulov O‘zbekistondagi diplomatik missiyasini yakunladi
Beybut Atamqulov O‘zbekistondagi diplomatik missiyasini yakunladi
Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — Qozog‘istonning O‘zbekistondagi elchisi Beybut Atamqulov mamlakatdagi diplomatik missiyasini yakunladi. Bu haqda O‘zbekiston tashqi ishlar vaziri Baxtiyor Saidov diplomat bilan uchrashuvdan so‘ng maʼlum qildi.
Saidov Atamqulovning O‘zbekiston va Qozog‘iston o‘rtasidagi do‘stlik, yaxshi qo‘shnichilik va ittifoqchilik munosabatlarini rivojlantirishga qo‘shgan hissasini taʼkidladi. Tashqi ishlar vaziriga ko‘ra, elchining diplomatik faoliyati ikki tomonlama munosabatlarda muhim davrga to‘g‘ri kelgan.
Xususan, 2022 yil 22 dekabrda O‘zbekiston va Qozog‘iston Ittifoqchilik munosabatlari to‘g‘risidagi shartnomani imzolagan.
Saidov Atamqulovga ikki tomonlama aloqalarni mustahkamlashga qo‘shgan shaxsiy hissasi uchun minnatdorlik bildirdi. Shuningdek, diplomatning xizmatlari O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tomonidan yuqori baholanganini qayd etdi. Atamqulov “Do‘stlik” ordeni bilan taqdirlangan.
«Janob Elchini O‘zbekistonning samimiy do‘sti va yuqori darajali professional sifatida yuksak qadrlaymiz», — dedi Saidov va diplomatga keyingi faoliyatida muvaffaqiyatlar tiladi.
Avvalroq Qozog‘iston Prezidenti Qosim-Jomart Toqayev Yerali Tug‘janovni Qozog‘istonning O‘zbekistondagi favqulodda va muxtor elchisi etib tayinlagan edi. Tegishli farmonni Qozog‘iston davlat rahbari imzolagan.