O‘zbekistonda energetika vaziri va HET rahbari ishdan olindi
O‘zbekistonda energetika vaziri va HET rahbari ishdan olindi / Surat: Prezident matbuot xizmati
Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 27 iyul kuni energetika vaziri va «Hududiy elektr tarmoqlari» AJ raisi lavozimidan ozod etdi. Davlat rahbari bunga tizim faoliyatidagi jiddiy kamchiliklarni sabab qilib ko‘rsatdi. Energetika sohasidagi bir qator yirik korxonalar rahbarlariga yil oxiriga qadar sinov muddati belgilandi.
Kadrlar bo‘yicha qarorlar yoqilg‘i-energetika sohasidagi ustuvor vazifalarga bag‘ishlangan videoselektor yig‘ilishida eʼlon qilindi. Mirziyoyev soha rahbarlaridan ishga yondashuvlarni o‘zgartirish va aniq natijalarni taʼminlashni talab qildi.
Xususan, «O‘zbekiston milliy elektr tarmoqlari» AJ, «Issiqlik elektr stansiyalari» AJ, “O‘ztransgaz” AJ va “Hududgaztaʼminot” AJ rahbarlariga yil oxiriga qadar sinov muddati berildi. Prezident zarur natijalarga erishilmagan taqdirda, ular ham lavozimidan ozod etilishi mumkinligidan ogohlantirdi.
Davlat rahbari Surxondaryo viloyatida bug‘-gaz elektr stansiyasini qurish uchun maydon tanlanganini ham alohida tanqid qildi. Prezident matbuot xizmati maʼlumotiga ko‘ra, obyekt joylashuvi noto‘g‘ri tanlangani sababli stansiyaga gaz yetkazib berish uchun qo‘shimcha ravishda qariyb 300 mln dollar talab etiladi.
Bundan tashqari, loyiha tashabbuskori bilan tuzilgan kelishuv shartlarining yetarlicha puxta ishlab chiqilmagani qo‘shimcha xarajatlar yuzaga kelish xavfini keltirib chiqargan. Prezident masʼul shaxslarga shartnoma shartlarini qayta ko‘rib chiqishni topshirdi.
Mirziyoyev, shuningdek, yangi energetika vaziri Sherzod Xodjayev, «Hududiy elektr tarmoqlari»ning yangi raisi Sardor Isaqulov va “O‘zenergoinspeksiya” rahbari Ahad Isoqjonovdan 27 iyul kunidanoq ishga yangi yondashuvlarni joriy etishni talab qildi.
Davlat rahbari energetika tizimining holati uchun javobgarlik faqat sohaviy tashkilotlar zimmasida emasligini taʼkidladi. Viloyatlar hokimlaridan ham soha muammolarini hal etishda faol ishtirok etish talab qilindi.