Temuriylar merosi 3D animatsiyada: xorij muzeylaridagi 50 ta tarixiy ashyo raqamlashtiriladi
Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — Temuriylar davri ilm-fan, meʼmorchilik, adabiyot, tasviriy va amaliy sanʼat yuksak taraqqiy etgan, jahon tamadduni tarixida alohida oʻrin tutgan davr sifatida eʼtirof etiladi. Bu davrga oid moddiy va madaniy merosning bir qismi bugun xorijiy muzeylar, kutubxonalar va shaxsiy kolleksiyalarda saqlanmoqda.
Endi ana shu merosni zamonaviy texnologiyalar asosida oʻrganish va raqamlashtirishga qaratilgan ilmiy loyiha amalga oshirilmoqda.
Innovatsion rivojlanish agentligi tomonidan Mustaqillikning 35 yilligi arafasida “Olima ayollar” tanlovi doirasida “Xorijiy muzeylarda saqlanayotgan temuriylarga oid ashyolarning 3D modeli va animatsion tasvirini yaratish” loyihasi moliyalashtirildi. Uning asosiy maqsadi — Rossiya, Buyuk Britaniya va Turkiya muzeylarida saqlanayotgan Temuriylar davriga oid 50 ta tarixiy ashyoning 3D modellari hamda animatsion tasvirlarini yaratishdan iborat.
Loyihaning muhim jihati shundaki, tarqoq holda saqlanayotgan Temuriylar merosi yagona raqamli va ilmiy axborot makoniga jamlanadi.
— Shu kungacha Rossiya, Buyuk Britaniya va Turkiya muzeylariga amaliy safarlar davomida 50 ta tarixiy ashyoning yuqori sifatli fotomateriallari toʻplangan. Ushbu materiallar asosida tarixiy ashyolarning raqamli 3D modellari yaratiladi. Shuningdek, mavjud tarixiy kartinalar animatsiyaga aylantirilib, video mahsulotlar tayyorlanadi. Har bir ashyo haqida oʻzbek tilida ilmiy tavsif va annotatsiya beriladi, deydi loyiha rahbari Dilafruz Qurbonova.
Yaratilgan 3D modellar muzeylar, taʼlim muassasalari, tadqiqotchilar va keng jamoatchilik uchun zamonaviy raqamli resurs vazifasini bajaradi. Shuningdek, Temuriylar tarixi davlat muzeyining temurid.uz sayti yangi ilmiy va vizual kontentlar bilan boyitiladi.
Raqamli kontentlarning koʻpayishi muzey merosini virtual muhitda namoyish etish, tarixiy ashyolar bilan kengroq auditoriyani tanishtirish va madaniy turizmga qiziqishni oshirish uchun qoʻshimcha imkoniyat yaratadi.
Loyiha doirasida yaratilgan 3D modellar va animatsion mahsulotlarni intellektual mulk sifatida himoya qilish ham rejalashtirilgan. Kelgusida ushbu raqamli mahsulotlar Oʻzbekiston va xorijiy muzeylar oʻrtasida ilmiy-madaniy hamkorlikning yangi innovatsion loyihalarini amalga oshirish uchun xizmat qilishi kutilmoqda.