Firibgarlikda ayblangan o'zbekistonlik erkak Turkiyadan ekstraditsiya qilindi
Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — Turkiya davlatidan firibgarlikda ayblanayotgan va xalqaro qidiruvda bo‘lgan O‘zbekiston fuqarosi mamlakatga ekstraditsiya qilindi. Bu haqda huquqni muhofaza qiluvchi organlar maʼlum qildi.
Ularning maʼlumotlariga ko‘ra, qidiruvda bo‘lgan A.A. ismli shaxs O‘zbekiston Jinoyat kodeksining 168-moddasida nazarda tutilgan jinoyatni sodir etganlikda ayblanmoqda.
U tergov organlaridan yashirinib, Turkiya hududida bo‘lgan. Shaxs xalqaro qidiruvga berilganidan qariyb bir yarim yil o‘tib, uning turgan joyi aniqlangan va u qo‘lga olingan.
Zarur jarayonlar yakunlanganidan so‘ng, gumonlanuvchi O‘zbekiston tomoniga topshirilgan.
Ayni vaqtda ekstraditsiya qilingan shaxs keyingi tergov harakatlarini o‘tkazish va sud muhokamasini amalga oshirish uchun vakolatli organlarga berilgan.
Huquqni muhofaza qiluvchi organlar taʼkidlashicha, O‘zbekiston va Turkiya o‘rtasida jinoyatchilikka qarshi kurashish, xalqaro qidiruv hamda odil sudlovdan yashirinayotgan shaxslarni ekstraditsiya qilish sohalaridagi hamkorlik doimiy ravishda amalga oshirilmoqda.