Oʻzbekistonda sayohatchilar uchun transport imtiyozlari kengaytiriladi
Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — O‘zbekistonda imtiyozli 11 toifaga kiruvchi fuqarolar aviatsiya, temir yo‘l va shaharlararo yo‘lovchi transporti xizmatlaridan bepul yoki 50 foizlik chegirma bilan foydalanish huquqiga ega bo‘ladi.
Yangi chora-tadbirlar aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamlarini qo‘llab-quvvatlash hamda ichki turizmni rivojlantirishga qaratilgan.
Yangi tartibga muvofiq, transport imtiyozlarini taqdim etish jarayoni to‘liq raqamlashtiriladi.
Qog‘oz talonlar bekor qilinadi, imtiyozli yo‘lkiradan foydalanish huquqi esa ID-karta yoki biometrik pasport orqali «Yagona milliy ijtimoiy himoya» axborot tizimida avtomatik tarzda tasdiqlanadi.
Kutilishicha, mazkur yangilik mamlakatning tarixiy-madaniy yodgorliklari, ziyoratgohlari, shuningdek, ekologik va rekreatsion hududlariga safarlarni yana-da ommalashtiradi.
Xususan, ijtimoiy qo‘llab-quvvatlashga muhtoj fuqarolar uchun Samarqand, Buxoro, Xiva, Shahrisabz, Termiz, Farg‘ona vodiysi, shuningdek, tog‘li va kurort hududlariga safar qilish imkoniyatlari yana-da kengayadi.
2027 yildan boshlab Baraka ijtimoiy kartasining mobil ilovasi orqali imtiyozli chiptalarni onlayn xarid qilish imkoniyatini joriy etish rejalashtirilgan.
Kutilmoqdaki, ushbu yechim transport xizmatlaridan foydalanishni soddalashtirib, ijtimoiy sohani raqamlashtirish jarayonining bir qismiga aylanadi.
Manba maʼlumotlariga ko‘ra, transport xizmatlari tizimiga raqamli mexanizmlarni joriy etish mamlakatning turistik salohiyatidan yana-da samarali foydalanish hamda «O‘zbekiston bo‘ylab sayohat qil!» dasturini amalga oshirishga xizmat qiladi.