Baxtiyor Saidov Hindiston parlamenti spikeri bilan uchrashdi
Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — O‘zbekiston tashqi ishlar vaziri Baxtiyor Saidov 4 avgust kuni Hindiston Lok Sabhasi — parlament quyi palatasi spikeri Om Birla bilan uchrashuv o‘tkazdi.
Tomonlar parlamentlararo hamkorlikni rivojlantirish va ikki mamlakat o‘rtasidagi strategik sheriklikni mustahkamlash masalalarini muhokama qildi.
Muzokaralar chog‘ida parlament diplomatiyasining ikki tomonlama munosabatlarni kengaytirishdagi o‘rniga alohida eʼtibor qaratildi.
Suhbat davomida parlamentlararo muloqotni yana-da chuqurlashtirish, parlamentlar huzuridagi do‘stlik guruhlari faoliyatini faollashtirish hamda qonun ijodkorligi sohasida tajriba almashish masalalari ko‘rib chiqildi.
Baxtiyor Saidovning maʼlum qilishicha, uchrashuv samimiy va mazmunli ruhda o‘tgan.
Om Birla ham o‘tgan yili O‘zbekistonga amalga oshirgan tashrifini eslab, Parlamentlararo ittifoqning 150-yubiley assambleyasi doirasida ko‘rsatilgan samimiy qabul va mehmondo‘stlik uchun yana bir bor minnatdorlik bildirdi.