Toshkentda kriptoaktivlar aylanmasi bilan bog‘liq gumonlanuvchilar ushlandi
Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — Toshkentda kriptoaktivlar aylanmasi sohasidagi qonunchilikni buzganlikda gumon qilingan ikki erkak ushlandi. Bu haqda poytaxt IIBB matbuot xizmati xabar berdi.
Idora maʼlumotlariga ko‘ra, birinchi holatda 24 yoshli erkak ushlangan bo‘lib, u 2 750 000 USDT miqdoridagi kriptoaktivlarni noqonuniy aylantirish bilan shug‘ullangan.
Ikkinchi holatda esa 27 yoshli erkak kriptoaktivlarni xarid qilish va sotish bo‘yicha bir nechta operatsiyalarni amalga oshirgan. Ushbu operatsiyalarning umumiy qiymati 5 078 166,14 USDTni tashkil etgan.
Shunday qilib, ikki holatda amalga oshirilgan operatsiyalarning umumiy summasi 7 828 166,14 USDTga yetgan.
Har ikki holat bo‘yicha O‘zbekiston Jinoyat kodeksining kriptoaktivlar aylanmasi sohasidagi qonunchilikni buzganlik uchun javobgarlikni nazarda tutuvchi 278-8-moddasi bilan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilgan.