O‘zbekiston Iqtisod Moliya Texnologiyalar Madaniyat Sport Turizm Dunyo Media OutReach Newswire
O‘zbekiston

Toshkent aeroportida 4,4 kg sintetik narkotik musodara qilindi

UzDaily tahririyati · 29.07.2026 · 16:05 · 26 views
Toshkent aeroportida 4,4 kg sintetik narkotik musodara qilindi
Toshkent aeroportida 4,4 kg sintetik narkotik musodara qilindi   / Foto: Surat xavfsizlik.uz tomonidan videodan olingan.

Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — “Xavfsiz va sog‘lom yurt” tezkor-profilaktik tadbirlari doirasida Davlat xavfsizlik xizmati xodimlari tomonidan “Toshkent-Aero” ixtisoslashtirilgan bojxona kompleksi bilan hamkorlikda olib borilgan tezkor-qidiruv tadbirlari natijasida xorijdan olib kelingan katta miqdordagi giyohvandlik vositalari to‘xtatib qolindi.

Jumladan, “Bangkok – Sharja – Toshkent” aviayo‘nalishida mamlakatimizga kelgan 1994 y.t. Qozog‘iston Respublikasi fuqarosining qo‘l sumkalari Toshkent xalqaro aeroportida tekshiruvdan o‘tkazildi.

Natijada, 8 dona turli xil shirinliklar paketlari va 5 dona plastmassa idishlar ichida jami 4,4 kg “Mefedron” sintetik narkotik moddasi borligi aniqlandi.

So‘ngra tezkor tadbir davom ettirilib, internetdagi narkodo‘kon boshqaruvchisi topshirig‘iga ko‘ra, ushbu ajal og‘usini poytaxtdagi mehmonxonalardan birida Yangiyo‘l shahrida yashovchi, 2006 y.t. shaxsga bergan vaqtida u ham qo‘lga olindi.

Tekshiruv jarayonida mahalliy fuqaro yonida pnevmatik pistolet borligi aniqlanib, protsessual tartibda rasmiylashtirib olindi.

Hozirda qonunbuzarlarga nisbatan Jinoyat Kodeksining 246-moddasi 2-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, “qamoq” ehtiyot chorasi qo‘llanildi. Tergov harakatlari olib borilmoqda.