Toshkentda keshbek orqali 1,4 mlrd so‘m talon-toroj qilindi
Toshkentda keshbek orqali 1,4 mlrd so‘m talon-toroj qilindi
Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — Toshkent shahri Mirzo Ulug‘bek tumani bo‘yicha Bosh prokuratura huzuridagi departament xodimlari soliq keshbeki tizimi orqali byudjet mablag‘larini noqonuniy olish sxemasini fosh etdi. Idora maʼlumotlariga ko‘ra, davlat byudjetiga yetkazilgan zarar 1,4 milliard so‘mni tashkil etgan.
Tergov maʼlumotlariga ko‘ra, uchta kompaniyaning masʼul shaxslari oldindan til biriktirib, umumiy qiymati 322,4 milliard so‘mlik tovar yetkazib berish bo‘yicha soxta maʼlumotlarni rasmiylashtirgan. Amaliyotlarga qonuniy tus berish maqsadida ular nazorat-kassa mashinalari orqali rasmiylashtirilib, tovarlar fuqarolarga sotilganini tasdiqlovchi go‘yoki 3363 ta kassa cheki shakllantirilgan.
Ushbu cheklar asosida Soliq Mobile mobil ilovasi orqali ijtimoiy himoya reyestriga kiritilgan fuqarolar nomiga keshbek to‘lovlari rasmiylashtirilgan. Tergov talqiniga ko‘ra, shu yo‘l bilan sxema ishtirokchilari davlat byudjeti mablag‘laridan 1,4 milliard so‘mni noqonuniy ravishda qo‘lga kiritgan.
Mazkur holat yuzasidan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 167-moddasi (o‘zlashtirish yoki rastrata yo‘li bilan talon-toroj qilish) va 228-moddasi (soxta hujjatlar, shtamplar, muhrlar va blanklarni tayyorlash, qalbakilashtirish, o‘tkazish yoki ulardan foydalanish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi.
Hozirda tergov harakatlari davom etmoqda.