O‘zbekistonda pasport va ID-karta yo‘qotilgani uchun jarimalar bekor qilinadi
O‘zbekistonda pasport va ID-karta yo‘qotilgani uchun jarimalar bekor qilinadi
Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — O‘zbekistonda pasport, ID-karta va xorijga chiqish pasportini yo‘qotish yoki yaroqsiz holatga keltirish uchun maʼmuriy javobgarlikni bekor qilish rejalashtirilmoqda. Jarima o‘rniga yangi hujjat rasmiylashtirilganda qo‘shimcha davlat boji undiriladi. Bu chora Prezidentning «Aholiga ko‘rsatilayotgan davlat xizmatlarini takomillashtirish va fuqarolar uchun qo‘shimcha qulayliklar yaratish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qarorida nazarda tutilgan.
Hujjatga muvofiq, Ichki ishlar vazirligi va Adliya vazirligiga 2026 yil oktyabr oyiga qadar amaldagi qonunchilikka o‘zgartishlar kiritish bo‘yicha takliflarni Vazirlar Mahkamasiga kiritish topshirildi.
Taklif etilayotgan tartibga ko‘ra, pasport, ID-karta yoki xorijga chiqish pasporti yo‘qolgan yoki yaroqsiz holga kelgan taqdirda, fuqarolarni maʼmuriy javobgarlikka tortmasdan yangi hujjat rasmiylashtiriladi. Ushbu tashabbusni amalga oshirish uchun masʼul idoralar tegishli normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarini tayyorlashi lozim.
Hozirgi vaqtda pasport, ID-karta va xorijga chiqish pasportini yo‘qotish yoki yaroqsiz holga keltirish uchun maʼmuriy javobgarlik belgilangan. Mazkur normalar 2022 yil mart oyida joriy etilgan.