O‘zbekiston Iqtisod Moliya Texnologiyalar Madaniyat Sport Turizm Dunyo Media OutReach Newswire
O‘zbekiston

Senat Ijtimoiy ish to'g'risidagi qonunni ma'qulladi

UzDaily tahririyati · 09.07.2026 · 18:40 · 33 views
Senat Ijtimoiy ish to'g'risidagi qonunni ma'qulladi

Senat Ijtimoiy ish to'g'risidagi qonunni ma'qulladi

Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — Senatning 17-yalpi majlisida “Ijtimoiy ish toʻgʻrisida”gi Qonun muhokama qilindi.

Mamlakatimizda aholining ijtimoiy himoyasini yanada kuchaytirish, ushbu sohani yagona tizimga birlashtirish borasida amalga oshirilgan islohotlar natijasida ijtimoiy yordam va xizmat turlari yanada kengaydi hamda xizmat koʻrsatish sifati yaxshilandi.

Qonunga binoan ijtimoiy ish tibbiyot, taʼlim, ijtimoiy himoya, bandlik, sud va huquq-tartibot, jazoni ijro etish sohalarida tashkil etiladi.

Ijtimoiy ish sohasidagi maxsus vakolatli davlat organi etib Ijtimoiy himoya milliy agentligi belgilanmoqda.

Qonunda Vazirlar Mahkamasining, respublika ijro etuvchi va mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlarining ijtimoiy ish sohasidagi vakolatlari belgilanmoqda hamda fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlari, nodavlat notijorat tashkilotlari, tadbirkorlik subyektlari va jismoniy shaxslarning ijtimoiy ish sohasidagi faoliyatda ishtirok etishi mustahkamlanmoqda.

Shuningdek, Qonunda ijtimoiy xizmatlar va ijtimoiy yordam turlari, ijtimoiy xizmatlar va ijtimoiy yordam koʻrsatish joylari, ijtimoiy xizmatlar va ijtimoiy yordam koʻrsatuvchi subyektlar, ijtimoiy himoyaga muhtoj shaxs (oila) deb topish, ijtimoiy xizmatlar va ijtimoiy yordam koʻrsatish hamda tugatish asoslari, ijtimoiy xizmatlar va ijtimoiy yordam koʻrsatish bilan bogʻliq faoliyatni moliyalashtirish manbalari, ijtimoiy xodimning maqomi, ijtimoiy muhofazasi, faoliyatiga doir cheklovlar kabi muhim masalalar  oʻz aksini topgan.

Senatorlarning fikricha, Qonun ijtimoiy ish sohasidagi munosabatlarning tartibga solinishiga, aholining ehtiyojmand qatlamlariga ijtimoiy xizmatlar koʻrsatish tizimi yaratilishiga hamda ularning ijtimoiy himoyasi kuchaytirilishiga xizmat qiladi.

Muhokama yakunida senatorlar Qonunni maʼqulladi.