O‘zbekiston Iqtisod Moliya Texnologiyalar Madaniyat Sport Turizm Dunyo Media OutReach Newswire
O'z Ўз Ру En
O‘zbekiston

Hindiston kompaniyasi Namanganda diagnostika klinikasi ochadi

Dilafro'z Niyazova · 25.08.2026 · 19:05 · 6 views
Hindiston kompaniyasi Namanganda diagnostika klinikasi ochadi
Hindiston kompaniyasi Namanganda diagnostika klinikasi ochadi / Foto: Namangan viloyat hokimligi matbuot xizmati.

Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — Hindistonning Krsnaa Diagnostics kompaniyasi Namangan shahrida diagnostika klinikasi ochishni rejalashtirmoqda. Bu boradagi kelishuv Namangan viloyati hokimi Shavkatjon Abdurazzoqovning kompaniyaning investitsiyalar bo‘yicha rahbari Sujoy Bose boshchiligidagi delegatsiya bilan uchrashuvi davomida erishildi. Bu haqda Namangan viloyati hokimligi axborot xizmati xabar berdi.

Krsnaa Diagnostics delegatsiyasi tibbiyot sohasidagi investitsiya loyihasini amalga oshirishni jadallashtirish maqsadida Namanganga keldi. Kompaniya vakillari viloyat rahbariyati bilan hamkorlik imkoniyatlari va diagnostika xizmatlarini rivojlantirish istiqbollarini muhokama qildi.

Muzokaralar yakuniga ko‘ra, tomonlar Namangan shahrida hozirda qurilayotgan viloyat ko‘p tarmoqli tibbiyot markazining yangi binosida Krsnaa Diagnostics diagnostika klinikasini ochishga kelishib oldi.

Sujoy Bose viloyat rahbariyati bilan uchrashuvdan so‘ng kompaniya diagnostika loyihasini rejalashtirish va amalga oshirishga kirishishini maʼlum qildi. Uning so‘zlariga ko‘ra, Krsnaa Diagnostics Namanganda xalqaro darajadagi tibbiyot markazini tashkil etish va mintaqa tibbiy infratuzilmasini rivojlantirishga hissa qo‘shishni rejalashtirmoqda.

Hindiston kompaniyasi vakillari, shuningdek, viloyat ko‘p tarmoqli tibbiyot markaziga tashrif buyurib, uning amaldagi imkoniyatlari bilan tanishdi.

Krsnaa Diagnostics diagnostika va tibbiy xizmatlarga ixtisoslashgan bo‘lib, farmatsevtika va diagnostika sohasida 20 yildan ortiq tajribaga ega. Kompaniya mutaxassislar jamoasi bilan birgalikda Hindistonning 150 dan ortiq okrugida faoliyat yurituvchi 2 mingdan ziyod diagnostika markazi va laboratoriyadan iborat tarmoqni shakllantirgan.

Ayni paytda tarmoq 150 dan ortiq kompyuter tomografiyasi apparati, 100 dan ziyod MRT uskunasi va 1 800 dan ortiq rentgenologiya markaziga ega.