O‘zbekistonda noqonuniy migratsiya uchun jazo taklif etildi
Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — O‘zbekistonda noqonuniy migratsiyani tashkil etganlik uchun jinoiy javobgarlik joriy etish taklif qilindi. Migratsiya agentligi Jinoyat kodeksiga mamlakatga noqonuniy kirish, chiqish va davlat chegarasi orqali harakatlanishni tashkil etish uchun jazo belgilashni nazarda tutuvchi o‘zgartishlar loyihasini jamoatchilik muhokamasiga qo‘ydi.
Loyiha muhokamasi 8 sentyabrga qadar davom etadi. Bu haqda Migratsiya agentligi tomonidan eʼlon qilingan loyihada maʼlum qilingan.
Qonun loyihasida Jinoyat kodeksini «Noqonuniy migratsiyani tashkil etish» deb nomlangan yangi 223-1-modda bilan to‘ldirish taklif etilmoqda.
Loyihaga ko‘ra, iqtisodiy manfaat olish maqsadida g‘arazli niyatlar bilan noqonuniy migratsiyani tashkil etish, shuningdek, O‘zbekistonga noqonuniy kirish, mamlakatdan chiqish, davlat chegarasi orqali harakatlanish yoki O‘zbekiston hududi orqali noqonuniy tranzit harakatni tashkil etish, unga rahbarlik qilish yoki ko‘maklashish uch yildan besh yilgacha ozodlikni cheklash yoki ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanishi mumkin.
Taklif etilayotgan normalar chet el fuqarolari, fuqaroligi bo‘lmagan shaxslar yoki O‘zbekiston fuqarolariga nisbatan qonunchilikda belgilangan migratsiya tartibini buzish holatlariga tatbiq etiladi.
Xuddi shu harakatlar ko‘p miqdorda, bir guruh shaxslar tomonidan, mansabdor shaxs tomonidan, takroran, xavfli retsidivist tomonidan, uyushgan guruh tomonidan yoki uning manfaatlarini ko‘zlab sodir etilgan bo‘lsa, besh yildan o‘n yilgacha ozodlikdan mahrum qilish jazosi belgilanishi taklif etilmoqda.
Agar bunday harakatlar o‘ta ko‘p miqdorda, inson hayoti yoki sog‘lig‘i uchun xavfli usulda sodir etilgan yoki boshqa og‘ir oqibatlarga olib kelgan bo‘lsa, loyiha 10 yildan 15 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish jazosini nazarda tutadi.
Migratsiya agentligi o‘zgartishlarning zarurligini asoslar ekan, mehnat migratsiyasini huquqiy tartibga solishni yana-da takomillashtirish, mehnat migrantlarining huquqlarini himoya qilish va O‘zbekistondan tashqarida ishlashni rejalashtirayotgan fuqarolar uchun zarur sharoitlar yaratish muhimligini taʼkidlagan.
Shu bilan birga, idora noqonuniy migratsiyaning oldini olish va unga qarshi kurashishga qaratilgan normalar bilan qonunchilikni to‘ldirish zaruratini qayd etgan.
Taklif etilgan o‘zgartishlar hozircha jamoatchilik muhokamasi bosqichida. Loyihani ko‘rib chiqish natijalariga ko‘ra, unda nazarda tutilgan choralar o‘zgartirilishi mumkin.