Toshkent viloyatida issiq tufayli bolalar bog‘chalari vaqtincha yopildi
Toshkent viloyatida issiq tufayli bolalar bog‘chalari vaqtincha yopildi
Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — Toshkent viloyatida 16 iyuldan boshlab issiq ob-havo munosabati bilan barcha davlat, xususiy va idoraviy maktabgacha taʼlim tashkilotlari faoliyati vaqtincha to‘xtatildi. Bu haqdagi topshiriq viloyat hokimi Zoyir Mirzayev raisligida o‘tkazilgan yig‘ilishda tuman va shahar hokimliklariga berildi.
Viloyat hokimiyati maʼlum qilishicha, ob-havo sharoiti meʼyorga kelgach, bolalar bog‘chalari o‘z faoliyatini qayta tiklaydi. Ularning ishini qayta boshlash to‘g‘risidagi qaror viloyat maʼmuriyati tomonidan qo‘shimcha ravishda qabul qilinadi.
Avvalroq Maktabgacha va maktab taʼlimi vazirligi matbuot xizmati maktabgacha taʼlim muassasalari faoliyatini vaqtincha to‘xtatish to‘g‘risidagi qaror har bir hudud tomonidan O‘zgidrometning hududiy bo‘linmalari, hokimliklar va sanitariya-epidemiologiya xizmati xulosalari asosida mustaqil qabul qilinishini tushuntirgan edi.
Bundan oldin havo haroratining yuqori bo‘lishi munosabati bilan Xorazm viloyatida, shuningdek, Navoiy viloyatining ayrim tumanlari va Qoraqalpog‘iston Respublikasida ham shunday choralar joriy etilgan edi.