O‘zbekiston o‘smirlar terma jamoasi boks bo‘yicha Osiyo chempionatida yettita oltin medalni qo‘lga kiritdi / Foto: Asian Boxing
O‘zbekiston o‘smirlar terma jamoasi boks bo‘yicha Osiyo chempionatida yettita oltin medalni qo‘lga kiritdi / Foto: Asian Boxing
Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — Jakarta shahrida o‘tayotgan U19 yosh toifasidagi boks bo‘yicha Osiyo chempionatida O‘zbekiston terma jamoasi yettita oltin, bitta kumush va bitta bronza medalni qo‘lga kiritdi. Musobaqaning hal qiluvchi kunida o‘smirlar o‘rtasida final janglari bo‘lib o‘tdi.
50 kg vazn toifasida O‘tkirbek Norqosimov Qozog‘iston vakili Edil Askanbayni hakamlarning yakdil qarori bilan 5:0 hisobida mag‘lub etib, Osiyo chempioni bo‘ldi.
55 kg vazn toifasida Elyor Rustamov Hindistonlik Adityani 5:0 hisobida ishonchli tarzda mag‘lub etib, oltin medalni qo‘lga kiritdi. 60 kg vaznda Muhammadrizo Ukimov ham Tailand vakili Siva Chaynarong ustidan 5:0 hisobida g‘alaba qozonib, chempionlikni qo‘lga kiritdi.
75 kg vazn toifasida Suhrob Rahmatullayev Koreya Respublikasi vakili Dongjin Kimni ikkinchi raundda muddatidan avval mag‘lub etib, Osiyo chempioniga aylandi.
80 kg vaznda Abror Sharipov oltin medalni qo‘lga kiritdi. U birinchi raunddagi omadsizlikdan keyin jang taqdirini o‘z foydasiga burib, qozog‘istonlik Timur Taibekovni mag‘lub etdi.
85 kg vazn toifasida Sardorbek Bahromxo‘jayev keskin kechgan finalda Qozog‘iston vakili Ruslan Axmetovni 3:2 hisobida yengdi.
O‘zbekiston terma jamoasiga yana bir oltin medalni 90 kg vazn toifasida qatnashgan Asadbek Sultonboyev taqdim etdi. U finalda hindistonlik Shubham Rajputni 5:0 hisobida mag‘lub etdi. Jang davomida raqibga uch marta nokdaun sanog‘i ochildi.
90 kgdan yuqori vazn toifasida Islom Salixov finalda qozog‘istonlik Vladislav Samojonovga 2:3 hisobida mag‘lub bo‘lib, chempionatning kumush medalini qo‘lga kiritdi.
Bundan avval 70 kg vazn toifasida ishtirok etgan O‘zbekiston vakili Saidxo‘ja Sadillaxo‘jayev musobaqaning bronza medalini qo‘lga kiritgan edi. U yarim finalda qozog‘istonlik Bibaris Ashirbayga hakamlarning yakdil qarori bilan 0:5 hisobida mag‘lub bo‘lib, musobaqani uchinchi o‘rinda yakunladi.
U19 yosh toifasidagi O‘zbekiston terma jamoasi boks bo‘yicha Osiyo chempionatining umumjamoa hisobida birinchi o‘rinni egalladi. Ikkinchi o‘rin Qozog‘iston terma jamoasiga, uchinchi o‘rin esa Janubiy Koreya jamoasiga nasib etdi.