O‘zbekiston Iqtisod Moliya Texnologiyalar Madaniyat Sport Turizm Dunyo Media OutReach Newswire
Moliya

ILMA va XVJ missiyasi moliyaviy statistikani rivojlantirishni muhokama qilishdi

UzDaily tahririyati · 09.07.2026 · 20:20 · 30 views
ILMA va XVJ missiyasi moliyaviy statistikani rivojlantirishni muhokama qilishdi

ILMA va XVJ missiyasi moliyaviy statistikani rivojlantirishni muhokama qilishdi

Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — O‘zbekiston Respublikasi Istiqbolli loyihalar milliy agentligida Xalqaro valyuta jamg‘armasi (XVJ) texnik ko‘mak missiyasi hamda O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki vakillari bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi.

Uchrashuv davomida tomonlar pul-kredit va moliyaviy statistika (Monetary and Financial Statistics, MFS) hamda moliyaviy barqarorlik ko‘rsatkichlari (Financial Soundness Indicators, FSI) bo‘yicha maʼlumotlarni shakllantirish va taqdim etish masalalarini muhokama qildilar.

XVJ vakillari O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki bank sektori regulyatori, Agentlik esa kapital bozori va sug‘urta bozori regulyatori sifatida o‘zaro yaqin hamkorlikni taʼminlash muhimligini taʼkidladilar.

Shuningdek, moliya bozori ishtirokchilari tomonidan turli davlat organlariga taqdim etiladigan maʼlumotlarni verifikatsiya qilish maqsadida idoralararo axborot almashinuvini samarali yo‘lga qo‘yish zarurligi qayd etildi.

Bu esa moliyaviy hisobotlarning ishonchliligini oshirish, maʼlumotlar takrorlanishining oldini olish hamda statistik maʼlumotlarning yagona yondashuv asosida shakllantirilishini taʼminlash imkonini beradi.

O‘zbekiston tomoni Prezidentning 2024 yil 9 yanvardagi PQ-8-son «Tadbirkorlik subyektlari tomonidan davlat organlariga hisobot va statistik maʼlumotlarni taqdim etish jarayonlarini yana-da soddalashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida» gi qaroriga muvofiq Yagona hisobot tizimi joriy etilayotganini taʼkidladi.

Mazkur tizim davlat organlarining axborot tizimlari integratsiyasi asosida hisobotlarni avtomatik shakllantirishni hamda maʼlumotlar almashinuvini raqamlashtirishni nazarda tutadi. Shu bilan birga, 2028 yil 1 yanvardan boshlab hisobotlarni Yagona hisobot tizimi orqali taqdim etish majburiy tartibda amalga oshiriladi.

Tomonlar fikriga ko‘ra, mazkur chora-tadbirlar statistik maʼlumotlar sifatini yana-da oshirish, ko‘rsatkichlarni xalqaro standartlarga muvofiq shakllantirish jarayonlarini takomillashtirish uchun mustahkam zamin yaratadi.

Uchrashuv yakunida tomonlar moliyaviy statistikani shakllantirish va moliyaviy barqarorlikni mustahkamlash sohalarida hamkorlikni yana-da rivojlantirish hamda tajriba almashishga tayyor ekanliklarini bildirdilar.