O‘zbekiston Iqtisod Moliya Texnologiyalar Madaniyat Sport Turizm Dunyo Media OutReach Newswire
Iqtisod

O‘sh shahrida O‘zbekiston–Qirg‘iziston biznes muloqoti o‘tkazildi

UzDaily tahririyati · 22.07.2026 · 19:10 · 32 views
O‘sh shahrida O‘zbekiston–Qirg‘iziston biznes muloqoti o‘tkazildi

O‘sh shahrida O‘zbekiston–Qirg‘iziston biznes muloqoti o‘tkazildi

Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — 22 iyul kuni Qirg‘iz Respublikasining O‘sh shahrida O‘zbekiston Savdo-sanoat palatasi hamda Qirg‘izistonning hamkor tashkilotlari tashabbusi bilan ikki mamlakat tadbirkorlari ishtirokida B2B uchrashuvlari tashkil etildi.

Tadbirni O‘sh shahri meri Janarbek Akayev ochib berdi. Unda O‘zbekistonning O‘sh shahridagi bosh konsuli Zafarbek Ahmedov, O‘zbekiston Kichik biznes uyushmasi raisi o‘rinbosari Muzaffarxon Musayev, shuningdek, ikki mamlakatning davlat idoralari, biznes uyushmalari va ishbilarmon doiralari vakillari ishtirok etdi.

Zafarbek Ahmedov o‘z nutqida O‘zbekiston va Qirg‘iziston o‘rtasida keyingi yillarda strategik sheriklik va yaxshi qo‘shnichilik munosabatlari izchil rivojlanayotganini, bu esa savdo-iqtisodiy hamkorlik va hududlararo aloqalarning yangi bosqichga ko‘tarilishiga xizmat qilayotganini taʼkidladi.

Muzaffarxon Musayev esa O‘zbekistonda tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash, investitsiya muhitini yaxshilash va eksport salohiyatini oshirish bo‘yicha amalga oshirilayotgan islohotlar haqida maʼlumot berib, qirg‘izistonlik ishbilarmonlarni mamlakatimizdagi yangi loyihalarda faol ishtirok etishga chaqirdi.

B2B muloqotlarida 200 nafardan ortiq o‘zbek va qirg‘iz tadbirkorlari qatnashdi. Ular qurilish materiallari, oziq-ovqat sanoati, qishloq xo‘jaligi, to‘qimachilik, charm-poyabzal, mebel, kimyo va plastmassa mahsulotlari, farmatsevtika, elektr texnikasi, savdo, import-eksport, logistika, turizm hamda xizmatlar sohalarida o‘zaro muzokaralar o‘tkazdilar.

Uchrashuvlar davomida mahsulotlar eksportini kengaytirish, import-eksport operatsiyalarini rivojlantirish, qo‘shma ishlab chiqarish va investitsiya loyihalarini amalga oshirish yuzasidan qator kelishuvlarga erishildi.