Ovozli aloqadan sun’iy intellektgacha: mobil aloqa rivoji
Ovozli aloqadan sun’iy intellektgacha: mobil aloqa rivoji
Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — Simsiz aloqa sanoati tarixiga nazar tashlasak, so‘nggi qirq yil davomida u ulkan taraqqiyot yo‘lini bosib o‘tdi. Dastlab mobil tarmoqlar va mobil telefonlarning paydo bo‘lishi bilan ovozli aloqa davri boshlandi. O‘sha paytda tarmoq ovozli qo‘ng‘iroqlarni ta’minlaydigan elektron interaktiv tizim vazifasini bajargan. Keyinchalik 3G va 4G davri kirib keldi: bulutli muhitda OTT xizmatlari, qurilmalar tomonida esa smartfonlar ommalashdi. Natijada kanallar kommutatsiyasidan paketlar kommutatsiyasiga o‘tildi va mobil keng polosali aloqa (MBB) tarmoqlari shakllandi.
Biroq bugungi kunda dunyo yangi bosqich — sun’iy intellekt agentlari davriga qadam qo‘ymoqda. Bu davrda barcha sohalar sun’iy intellekt yordamida tubdan o‘zgaradi. Kelajakda sun’iy intellektga ega qurilmalar soni keskin ortadi va ular tarmoqlarga mutlaqo yangi talablarni qo‘yadi. Bulutli texnologiyalar sun’iy intellektni yaratish va rivojlantirish platformasiga aylanar ekan, tarmoq oddiy ma’lumot uzatish vositasidan tokenlar asosidagi intellektual ma’lumot almashinuvi tizimiga o’tishni amalga oshiradi. Endilikda tarmoq shunchaki aloqa kanali emas, balki transformatsiyaning asosiy harakatlantiruvchi kuchiga aylanmoqda. Bu o‘zgarish ikki yo‘nalishda kechadi: bir tomondan, tarmoqning uzatish imkoniyatlari rivojlanadi, ikkinchi tomondan esa uning funksiyalari kengayib, hisoblash resurslarini boshqarish va foydalanuvchi tajribasini ta’minlash kabi vazifalarni ham o‘z ichiga oladi. Yaqin kelajakda har bir hududdagi ulanishlar zichligi sezilarli darajada oshadi, kechikish va tarmoq o‘tkazuvchanligiga qo‘yiladigan talablar esa yanada muhim ahamiyat kasb etadi.
AKT sanoati ishtirokchilari yangi chaqiriqlarga qanday yechim topayotganini o‘rganish maqsadida Uzdaily tahririyati iyun oyida Shanxay shahrida bo‘lib o‘tgan GSMA assotsiatsiyasining Butunjahon Mobil Kongressida (MWC Shanghai) ishtirok etdi. Tadbir davomida yetakchi mobil aloqa operatorlari, texnologik kompaniyalar, jahon yetakchilari va innovatorlar aloqa sohasining kelajagi haqidagi o‘z qarashlari bilan o‘rtoqlashdilar. Uch kun davom etgan, ko‘rgazma hamda qator forum va konferensiyalarni o‘z ichiga olgan ushbu yirik tadbirga 143 ta mamlakatdan 37 300 nafardan ortiq ishtirokchi, jumladan O‘zbekiston AKT sohasi vakillari tashrif buyurdi.
Global AKT bozorining faol ishtirokchisi va O‘zbekistonda 26 yildan ortiq faoliyat yuritib kelayotgan Huawei kompaniyasi global aloqa operatorlari, sohaviy hamkorlar va yetakchi ekspertlar bilan birgalikda aloqa va hisoblash texnologiyalari imkoniyatlarini kengaytirish, 5G-Advanced (5G-A) yuqori tezlikdagi “uplink” texnologiyalarini rivojlantirish, foydalanuvchi tajribasini yangi bosqichga olib chiqish hamda biznesning sun’iy intellekt asosidagi transformatsiyasi masalalarini muhokama qildi. Huawei kompaniyasining yetakchi AKT yechimlari arxitektori Dmitriy Konarev aloqa operatorlari tarmoqlarining intellektual transformatsiyasiga oid amaliy misollarni namoyish etdi. Shuningdek, u kompaniyaning an’anaviy internetdan sun’iy intellekt agentlari internetiga o‘tish hamda tokenlar iqtisodiyotini shakllantirish bo‘yicha qarashlarining asosiy yo‘nalishlarini taqdim etdi.
Ko‘rgazma stendiga tashrif bilan bir qatorda, OAV vakillari uchun Shanxaydagi Lyansyu ko‘li (Lianqiu Lake) hududida joylashgan Huawei ilmiy-tadqiqot (R&D) markaziga ham tashrif tashkil etildi. U yerda millimetrli diapazon va C-diapazonni birgalikda qo‘llash orqali ma’lumot uzatish tezligini 10 Gbit/s gacha yetkazishga imkon beruvchi texnologiyalar, shuningdek, intellektual striming xizmatlari va foydalanuvchi tajribasini yanada shaxsiylashtirishga qaratilgan yangi imkoniyatlar namoyish etildi. Shuningdek, OAV vakillari uchun mobil sun’iy intellekt davrida telekommunikatsiya infratuzilmasini transformatsiya qilishda intellektual texnologiyalarning o‘rniga bag‘ishlangan alohida sessiya ham o‘tkazildi.
Tadbirda ma’ruzachi sifatida Huawei kompaniyasining simsiz tarmoqlar yechimlari bo‘limi vitse-prezidenti va marketing direktori Erik Chjao ishtirok etdi. Huawei qarashlariga ko‘ra, kelajakda uzluksiz hamkorlikka asoslangan yagona ekotizim shakllanadi. Bulut intellektni yaratish markaziga, qurilmalar esa insonlar, turli qo‘llanish ssenariylari va texnikani o‘zaro bog‘lovchi amaliy tugunlarga aylanadi. Bu jarayonda asosiy rolni intellektual taqsimlash mexanizmi bajaradi — aynan tarmoq tokenlarni uzatishni ta’minlaydi. Endilikda uzatilayotgan narsa shunchaki ma’lumot emas, balki mantiqiy xulosalar chiqarish yoki tayyor sun’iy intellekt funksiyalarini taqdim etish uchun zarur bo‘lgan intellektual ma’lumotdir.
Ushbu yangi talablarga javob berish uchun tarmoq arxitekturasi ham rivojlanishi zarur: kechikishlarni kamaytirish, yuqori tezlikdagi “uplink” unumdorligini oshirish va tarmoqning umumiy samaradorligini yaxshilash muhim ahamiyat kasb etadi. Shu bilan birga, sun’iy intellekt imkoniyatlari tarmoqni boshqarishda ham keng qo‘llanilmoqda. Resurslarni boshqarish va radiointerfeysni boshqarishning an’anaviy modellariga mashinaviy o‘qitish algoritmlarini joriy etishning o‘ziyoq tarmoqning o‘tkazuvchanligi va xizmat ko‘rsatish sifatini sezilarli darajada oshirmoqda. Bundan tashqari, intellektual texnologiyalar energiya samaradorligini ham yaxshilaydi: tayanch stansiyalar kamroq energiya sarflaydi, natijada butun platformaning umumiy samaradorligi ortadi.
Sessiya davomida “raqamli egizak” (digital twin) konsepsiyasiga alohida e’tibor qaratildi. Endilikda nosozliklarni yuzaga kelgandan keyin bartaraf etish o‘rniga, uskunalarning kelajakdagi holatini oldindan prognoz qiluvchi prediktiv texnik xizmat ko‘rsatish yondashuvi taklif etilmoqda. Sun’iy intellekt asosidagi tarmoq egizaklari yordamida signal sifati har bir nuqtada tavsiflanishi mumkin — tizim real vaqt rejimida chastota, kanal, uzatish tezligi va xizmat ko‘rsatish darajasi haqida ma’lumot beradi. Bu esa har qanday xizmatning doimo eng dolzarb va aniq ma’lumotlardan foydalanishini ta’minlaydi.
Kelajakda uskuna “raqamli egizagi”, tarmoq “raqamli egizagi” va jismoniy muhitning “raqamli egizagi”ni yagona tizimga birlashtirish imkoniyati paydo bo‘ladi. Antenna uskunalari oddiy, passiv qurilmalardan real vaqt rejimida o‘zining joylashuvi, minora tebranishi va ob-havo sharoiti haqida ma’lumot uzatadigan, shuningdek, signal nurini avtomatik ravishda sozlay oladigan dinamik tizimlarga aylanmoqda. Ilgari bunday imkoniyatlarni murakkab algoritmlarsiz amalga oshirish deyarli imkonsiz edi, bugungi kunda esa bu funksiyalar bevosita uskunaning o‘zida bajarilishi mumkin. Natijada tarmoq qamrovi va aloqa sifati sezilarli darajada yaxshilanadi.
Natijada mobil aloqa tarmoqlarining barcha asosiy tugunlari to‘liq raqamlashtiriladi va bu sun’iy intellektni joriy etish uchun ishonchli asos yaratadi. Chunki sun’iy intellektning an’anaviy algoritmlardan asosiy farqi uning katta hajmdagi ma’lumotlarga tayanishidadir. Kelajakda butun tarmoq o‘zini o‘zi boshqarish funksiyalariga ega to‘laqonli agentlardan iborat yagona intellektual makonga aylanishi mumkin. Tarmoq go‘yoki “miya”ga ega bo‘ladi: u qayerda aloqa sifati pasayayotganini, qayerda qo‘shimcha resurslar zarurligini va qayerda intellektual xizmat ko‘rsatish kerakligini mustaqil ravishda aniqlaydi. Elektr ta’minoti uzilishi kabi jismoniy nosozliklar bo‘lmasa, inson aralashuviga deyarli ehtiyoj qolmaydi — tayanch stansiya o‘z faoliyatini mustaqil boshqaradi. Bu esa kelajakdagi simsiz tarmoqlarning ishonchliligi, barqarorligi va xizmat ko‘rsatish sifatini tubdan yangi bosqichga olib chiqadi.
Mobil aloqa sanoati chuqur transformatsiya arafasida turibdi: ovoz va ma’lumotlarni uzatuvchi an’anaviy tarmoqlardan o‘zini o‘zi o‘rganuvchi, vaziyatni oldindan prognoz qiluvchi, moslashuvchi va mustaqil boshqariladigan intellektual tizimlarga o‘tish jarayoni boshlandi. Sun’iy intellekt va raqamli egizak (digital twin) texnologiyalari endilikda shunchaki qo‘shimcha vosita emas, balki mobil aloqaning keyingi avlodini shakllantiruvchi asosiy poydevorga aylanmoqda. Endi esa ushbu g‘oyalar dunyo bo‘ylab real mobil tarmoqlarda qanchalik tez hayotga tatbiq etilishini kuzatish qoladi.