Texnologiyalar

UN-NYG Atom hamkorligi bo‘yicha Yoshlar deklaratsiyasiga qo‘shildi

UN-NYG Atom hamkorligi bo‘yicha Yoshlar deklaratsiyasiga qo‘shildi
UN-NYG Atom hamkorligi bo‘yicha Yoshlar deklaratsiyasiga qo‘shildi  / Foto: “Rosatom”.

Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — UN-NYG (United Nations – Nuclear Young Generation) xalqaro yoshlar birlashmasi Atom hamkorligi bo‘yicha Yoshlar deklaratsiyasiga qo‘shildi. Hujjatga imzo qo‘yish BMTning Atom energiyasi bo‘yicha xalqaro agentligi (MAGATE) Bosh konferensiyasining 70-sessiyasi doirasida UN-NYG va “Rosatom” davlat korporatsiyasi tomonidan tashkil etilgan qo‘shma tadbirda bo‘lib o‘tdi.

Deklaratsiya xalqaro hamkorlik, bilim almashinuvi va yosh mutaxassislarni atom sanoatini rivojlantirish jarayoniga jalb etish masalalariga bag‘ishlangan. Hujjat yadro sohasida ochiq muloqot, bilim almashinuvi va avlodlar davomiyligi tamoyillarini mustahkamlaydi.

UN-NYGning deklaratsiyaga qo‘shilishi yosh mutaxassislarni atom sanoatining kelajagini shakllantirish jarayonida ishtirok etishga umumiy intilishni tasdiqlaydi. Hujjat yadroviy xavfsizlik va himoya, taʼlim va bilimlardan teng foydalanish, yadro ilmi va texnologiyalaridan tinch maqsadlarda foydalanish, yoshlar yetakchiligi, uzluksiz rivojlanish, xalqaro hamkorlik hamda yadroviy texnologiyalar sohasidagi yutuqlardan masʼuliyatli foydalanishga oid yettita tamoyilni o‘z ichiga oladi.

«Biz turli mamlakatlardan bo‘lgan yosh yetakchilar bilan birgalikda global kun tartibini shakllantirmoqdamiz. Deklaratsiyaning imzolanishi yosh atomchilarning xalqaro hamkorligi uchun yangi imkoniyatlarni ochadi va bilimlarni kelajak avlodlarga yetkazish uchun mustahkam poydevor yaratadi», — dedi “Rosatom” bosh direktori o‘rinbosari, kadrlar bo‘yicha direktor Tatyana Terentyeva.

Hujjat 2025 yil sentyabr oyida Moskvada bo‘lib o‘tgan Jahon atom haftaligi doirasida ishlab chiqilgan. Uni tayyorlashda 33 mamlakatdan 81 ta tashkilot vakili bo‘lgan 100 nafar yosh mutaxassis ishtirok etgan.

«Atom hamkorligi bo‘yicha Yoshlar deklaratsiyasiga qo‘shilib, biz shuni tasdiqlaymizki, yadro hamjamiyatining yosh yetakchilari o‘zgarishlarni shunchaki kuzatib turmaydi — biz ularning bir qismimiz. Barqaror yadroviy kelajakni taʼminlashda bizning ovozimiz muhim», — taʼkidladi UN-NYG prezidenti Federiko Verli.

Tadbir davomida ishtirokchilar yosh mutaxassislarning yadro ilmini rivojlantirishga qo‘shayotgan hissasi, kadrlar tayyorlash va atom sanoatida xalqaro meʼyorlarni shakllantirish masalalarini muhokama qildi.

«Keyingi avlod: yoshlar ovozi» mavzusidagi panel muhokamasida MAGATE, Women in Nuclear Global Young Generation, African Young Generation in Nuclear (AYGN), “Rosatom” Korporativ akademiyasi va UN-NYG vakillari ishtirok etdi.

 

Dilafro'z Niyazova
Dilafro'z Niyazova

Dilafruz Niyazova 2025-yildan buyon UzDaily jamoasida faoliyat yuritib, nashrning o'zbek tilidagi versiyasi uchun mas'uldir.