Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — IT Park Uzbekistan delegatsiyasi 15–17 sentyabr kunlari Germaniyada bo‘lib, Berlinda Digital Uzbekistan tadbirini o‘tkazdi hamda Visbadenda sohaviy sammitlarda ishtirok etdi.
O‘zbekiston startaplari o‘z texnologik yechimlarini Germaniya kompaniyalari va salohiyatli hamkorlarga taqdim etdi, shuningdek, Germaniya va Yevropaning boshqa mamlakatlari bozorlariga chiqish imkoniyatlarini muhokama qildi. Bu haqda IT Park Uzbekistan xabar berdi.
15 sentyabr kuni O‘zbekistonning Germaniyadagi elchixonasida nemis texnologik va ishbilarmonlik hamjamiyati vakillarini birlashtirgan Digital Uzbekistan tadbiri bo‘lib o‘tdi. Ishtirokchilarga IT Park Uzbekistan faoliyati, O‘zbekiston texnologik ekotizimining imkoniyatlari hamda mahalliy IT kompaniyalar va startaplar bilan hamkorlikning istiqbolli yo‘nalishlari taqdim etildi.
Moneff, Geomotive va OX Group startaplari o‘z texnologik yechimlarini Germaniya biznesi va texnologik tashkilotlari vakillariga taqdim qildi. Ishtirokchilar orasida Deloitte, Cambridge Innovation Center (CIC), Start2 Group, German Accelerator, Delivery Hero, Voltscape, Bergstone, BRAYHT va boshqa kompaniyalar bo‘ldi.
Tadbir doirasida IT Park Uzbekistan va o‘zbek startaplarining Germaniya hamkorlari bilan o‘zaro hamkorligining ehtimoliy formatlari ham muhokama qilindi.
Uchrashuvning asosiy natijalaridan biri IT Park Uzbekistan va Cambridge Innovation Center (CIC) o‘rtasida anglashuv memorandumini imzolash bo‘ldi. Xalqaro tashkilot innovatsion ekotizimlarni rivojlantiradi hamda startaplar, investorlar, texnologik kompaniyalar va sohaning boshqa ishtirokchilarini birlashtiradi. Memorandum O‘zbekiston texnologik kompaniyalari uchun hamkorlikni mustahkamlash va xalqaro imkoniyatlarni kengaytirishga qaratilgan.
16–17 sentyabr kunlari biznes-missiya Visbadenda davom etdi. U yerda delegatsiya IT Park Uzbekistan hamkori tomonidan tashkil etilgan Schwarz Digits Partner Summit va STACKIT tomonidan tashkil etilgan Cloud X Summit tadbirlarida ishtirok etdi.
Schwarz Digits bilan muzokaralar davomida tomonlar kompaniyaning raqamli platformalari, marketpleysi va akseleratsiya dasturlari orqali o‘zbek startaplarini ilgari surish imkoniyatlarini ko‘rib chiqdi. Moneff, Geomotive va OX Group vakillari o‘z yechimlarini yana bir bor taqdim etib, Germaniya va Yevropaning boshqa bozorlariga chiqishni qo‘llab-quvvatlashning ehtimoliy mexanizmlarini muhokama qildi.
Visbadenda Capgemini, Adesso, Materna, Rewion va Protiviti vakillari bilan ham uchrashuvlar bo‘lib o‘tdi. Tomonlar texnologik xizmatlar, raqamli yechimlar va IT Park Uzbekistan ekotizimidagi kompaniyalar bilan hamkorlik sohalaridagi ehtimoliy yo‘nalishlarni ko‘rib chiqdi.
Germaniyaga tashrif IT Park Uzbekistan‘ning O‘zbekiston texnologik kompaniyalarining xalqaro aloqalarini kengaytirish bo‘yicha ishlarining davomi bo‘ldi.
Startaplar o‘z yechimlarini salohiyatli hamkorlarga bevosita taqdim etish, yangi ishbilarmonlik aloqalarini o‘rnatish va Yevropa bozoriga chiqishning amaliy imkoniyatlarini muhokama qilish imkoniyatiga ega bo‘ldi.