O‘zbekiston Iqtisod Moliya Texnologiyalar Madaniyat Sport Turizm Dunyo Media OutReach Newswire
O‘zbekiston

Italiyaning «5+1» formatidagi tajribasi: qanday qilib inson kapitaliga kiritilayotgan investitsiyalar Markaziy Osiyo bilan strategik sheriklikning asosiga aylanmoqda

UzDaily tahririyati · 29.07.2026 · 16:02 · 26 views
Italiyaning «5+1» formatidagi tajribasi: qanday qilib inson kapitaliga kiritilayotgan investitsiyalar Markaziy Osiyo bilan strategik sheriklikning asosiga aylanmoqda
Italiyaning «5+1» formatidagi tajribasi: qanday qilib inson kapitaliga kiritilayotgan investitsiyalar Markaziy Osiyo bilan strategik sheriklikning asosiga aylanmoqda / Foto: Filippo Kosta Buranelli.

Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — Sent-Endryus universiteti professori, Markaziy Osiyo bo‘yicha yetakchi britaniyalik tadqiqotchilardan biri bo‘lib, ko‘p yillardan buyon mintaqadagi xalqaro-siyosiy jarayonlarni o‘rganib kelmoqda. Olim «Markaziy Osiyo — Italiya» («5+1») formati doirasidagi hamkorlikning qiziqarli va ko‘p jihatdan na’munali tajribasiga bag‘ishlangan maqola tayyorladi. Mazkur tajriba mintaqalararo hamkorlikni rivojlantirishga doir yangi yondashuvlarni namoyon etadi.

«Italiya — Markaziy Osiyo» siyosat maktablari: «5+1» formatidagi hamkorlikning strategik manifesti

Hozirgi global sharoitda Markaziy Osiyoga xalqaro qiziqish tobora ortib, mintaqa jadal sur’atlarda xalqaro munosabatlarning mustaqil va obro’li subyektiga aylanib bormoqda. Bu o‘zgarish faqat jahon energetikasi yoki tranzit geografiyasidagi siljishlar bilan bog‘liq emas. U mintaqaning xalqaro maydondagi roli ortib borayotgani hamda Yevroosiyo makonidagi barqarorlik va integratsiya jarayonlariga ta’sir ko‘rsatish salohiyati e’tirof etilayotganidan dalolat beradi.

Aynan shu nuqtai nazardan, 2026-yil may oyining oxiridan iyul oyining o‘rtalariga qadar o‘tkazilgan «Siyosat maktablari» alohida ahamiyat kasb etadi. Ular «5+1» — Italiya va Markaziy Osiyoning besh respublikasi: Qozog‘iston, Qirg‘iz Respublikasi, Tojikiston, Turkmaniston va O‘zbekiston o‘rtasidagi hamkorlik formatini amalga oshirishda mutlaqo yangi yondashuvga o‘tilganini anglatadi. Bu an’anaviy diplomatiyadan umumiy institutsional kelajakka yo‘naltirilgan chuqur investitsiyalarga o‘tishdir.

Mazkur o‘zgarish, eng avvalo, «donor — qabul qiluvchi» shaklidagi odatiy hamkorlik modelidan prinsipial ravishda voz kechilganida yaqqol namoyon bo‘lmoqda. Ushbu tashabbus strategik institutsional vosita sifatida Italiya tomonidan Markaziy Osiyoning ortib borayotgan roli so‘zsiz e’tirof etilayotganini, mintaqa davlatlari esa Italiyani ishonchli va muhim sherik sifatida qabul qilayotganini ko‘rsatadi.

Qozog‘iston, Qirg‘iz Respublikasi, Tojikiston, Turkmaniston va O‘zbekiston davlat boshqaruvi akademiyalarining 80 nafar tinglovchisini qabul qilish orqali Italiya mintaqa yetakchilarining yangi avlodi inson kapitaliga sarmoya kiritmoqda. Italiya Tashqi ishlar vazirligi tashabbusi bilan tashkil etilgan va moliyalashtirilgan mazkur hamkorlik 2025-yil 30-may kuni Ostona shahrida imzolangan Qo‘shma deklaratsiyaga asoslanadi. Unda Italiya va Markaziy Osiyo davlatlari yuqori darajadagi diplomatik majburiyatlarni davlat boshqaruvi sohasidagi aniq tajriba va amaliy ko‘nikmalarga aylantirish yo‘lida faoliyat yuritayotgan teng huquqli sheriklar sifatida qaraladi.

Loyihaning yana bir muhim natijasi umumiy ekspert makonini shakllantirish va «quyidan yuqoriga» tamoyiliga asoslangan tahliliy yondashuvlarni rivojlantirish, avvalo, hamkorlikning yagona professional tilini yaratishdan iborat. «Siyosat maktablari» Venetsiyadagi Ka-Foskari universiteti tashabbusi va muvofiqlashtiruvi asosida amalga oshirilayotgan BRIDGE — Building Resilient Institutional Dialogue for Governance and Education, ya’ni «Boshqaruv va ta’lim sohasida barqaror institutsional muloqotni shakllantirish» keng qamrovli dasturining muhim tarkibiy qismidir.

Dastur ekspertlar va davlat xizmatchilari o‘rtasida ixtisoslashgan bilimlarni bevosita almashishga ko‘maklashish orqali davlat boshqaruvining «umumiy tili»ni shakllantirmoqda. Barqaror qishloq xo‘jaligi masalalari Bolonya va Tushiya universitetlari, o‘zaro bog‘liqlik va infratuzilma masalalari Rimning «Sapienza» universiteti, suv resurslari va sog‘liqni saqlash yo‘nalishlari Ka-Foskari universiteti, Italiya Milliy sog‘liqni saqlash instituti va Sogesid Ltd kompaniyasi, qayta tiklanuvchi energetika esa Milan-Bikokka universiteti ishtirokida o‘rganilmoqda.

Mazkur ta’lim dasturlari — «Siyosat maktablari»ning maqsadi umumiy mintaqaviy va mintaqalararo vazifalarni hal etish uchun yagona konseptual, texnik va siyosiy asosni yaratishdan iborat. Shu bilan birga, ular uzoq muddatli geosiyosiy barqarorlik va izchil taraqqiyotni ta’minlaydigan o‘ziga xos «sug‘urta kafolati»ni shakllantirishga xizmat qiladi.

Mutaxassislar va olimlar ishtirokidagi ma’ruzalar, texnik seminarlar hamda suv xavfsizligiga oid «Venetsiya yo‘l xaritasi» kabi amaliy hujjatlarni ishlab chiqish orqali ishtirokchilar faqat nazariy bilimlarni o‘zlashtirish bilan cheklanmaydi. Ular amaliy standartlarni uyg‘unlashtirib, yuqori sifatli faoliyat va ilg‘or tajribalarni joriy etishga yo‘naltirilgan transmilliy professional hamjamiyatni shakllantirmoqda.

O‘ziga xos modulli yondashuvga asoslangan hamda iqlim o‘zgarishi, oziq-ovqat xavfsizligi va raqamli infratuzilma kabi strategik muhim yo‘nalishlarni qamrab olgan «Siyosat maktablari» tajribasi oddiy ta’lim tashabbusi doirasidan ancha kengdir. U boshqa yevropalik sheriklar tomonidan ham kengaytirish va amaliyotga tatbiq etish salohiyatiga ega bo‘lgan samarali institutsional hamkorlik modelini namoyon etmoqda.

2026-yilga qadar to‘plangan tajriba shuni ko‘rsatadiki, institutsional rivojlanish, ya’ni boshqaruv tizimini takomillashtirish haqiqiy iqtisodiy integratsiya, barqaror taraqqiyot, energetik transformatsiya, qishloq xo‘jaligini oqilona yuritish va suv resurslarini samarali boshqarish, shuningdek, transregionlararo transport yo‘laklarini muvaffaqiyatli rivojlantirishning eng to‘g‘ri va ishonchli yo‘lidir.

Mazkur tajribadan kelib chiqadigan asosiy xulosa shundan iboratki, uzoq muddatli sheriklik, eng avvalo, institutlar, bilim va inson kapitaliga investitsiya kiritish orqali shakllanadi. Ushbu maktablarning muvaffaqiyati siyosiy iroda va intellektual salohiyat mavjud bo‘lgan sharoitda «Italiya — Markaziy Osiyo» («5+1») formati aniq strategik natijalarni ta’minlay olishini tasdiqlaydi.

Bu o‘zaro manfaatdorlik, hurmat va institutsional moslashuvchanlik tamoyillariga ham rahbariyat, ham quyi bo‘g‘inlar darajasida ustuvor ahamiyat berayotgan Italiya va uning Markaziy Osiyodagi sheriklari global tendensiyalarga shunchaki munosabat bildirish bilan cheklanmayotganini ko‘rsatadi. Aksincha, ular mintaqaning yanada barqaror, integratsiyalashgan va hamkorlikka asoslangan kelajagini faol ravishda shakllantirmoqda.

Shu ma’noda, mazkur tashabbus oddiy ta’lim dasturidan ancha keng mazmunga ega. U uzoq muddatli strategik sheriklikning amaliy ifodasi bo‘lib, kelgusi o‘n yillikda Italiya va Markaziy Osiyo o‘rtasidagi davlatlararo munosabatlar mazmuni hamda hamkorlik arxitekturasini belgilash salohiyatiga ega.