O‘zbekiston Iqtisod Moliya Texnologiyalar Madaniyat Sport Turizm Dunyo Media OutReach Newswire
Iqtisod

"O'zbekneftgaz" va Bank of China loyihani moliyalashtirish bo'yicha kelishib oldilar

UzDaily · 19.06.2026 · 17:15 · 34 views
"O'zbekneftgaz" va Bank of China loyihani moliyalashtirish bo'yicha kelishib oldilar

"O'zbekneftgaz" va Bank of China loyihani moliyalashtirish bo'yicha kelishib oldilar

Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — “O‘zbekneftgaz” AJ Boshqaruv raisining birinchi o‘rinbosari Suhrob Hamroyev Xalqaro investitsiya forumida ishtirok etgan Xitoyning yirik moliyaviy institutlaridan biri — Bank of China bosh ofisi vakillari bilan uchrashdi.

Muloqotda “O‘zbekneftgaz” AJ tomonidan so‘nggi yillarda erishilgan moliyaviy natijalar, amalga oshirilayotgan transformatsiya jarayonlari, korporativ boshqaruv tizimini xalqaro standartlar asosida takomillashtirish hamda kompaniyaning moliyaviy barqarorligini yanada mustahkamlashga qaratilgan islohotlar haqida batafsil ma’lumot berildi.

Shuningdek, davlat tomonidan ko‘rsatilayotgan tizimli qo‘llab-quvvatlash, geologiya-qidiruv ishlarini kengaytirish, uglevodorod zaxiralarini ko‘paytirish, ishlab chiqarish hajmlarini oshirish hamda zamonaviy raqamli boshqaruv yechimlarini joriy etish bo‘yicha olib borilayotgan amaliy ishlar taqdim etildi.

Muzokaralar chog‘ida “O‘zbekneftgaz” AJning investitsiya loyihalarini moliyalashtirish, import shartnomalarini qo‘llab-quvvatlash, ikki tomonlama va sindikat kredit liniyalari hajmini kengaytirish, xedjirlash mexanizmlarini qo‘llash, panda obligatsiyalarini chiqarish hamda qarz portfelini optimallashtirish masalalari atroflicha muhokama qilindi.

Alohida ta’kidlanganidek, kompaniya 2026-yilda qarz mablag‘lari qiymatini pasaytirish, moliyalashtirish manbalarini diversifikatsiya qilish va uzoq muddatli hamda qulay moliyaviy resurslarni jalb etishga ustuvor ahamiyat qaratmoqda.

Uchrashuv yakunida tomonlar mavjud hamkorlikni yangi bosqichga olib chiqish, istiqbolli investitsiya loyihalarini birgalikda moliyalashtirish va o‘zaro manfaatli sheriklik aloqalarini yanada kengaytirish bo‘yicha kelishuvlarga erishdilar.

UzDaily · 👁 34 views · 19.06.2026 · 17:15