O‘zbekiston Iqtisod Moliya Texnologiyalar Madaniyat Sport Turizm Dunyo Media OutReach Newswire
Iqtisod

TBC Bank Group OLX Uzbekistan’ning nazorat ulushini sotib olib, O‘zbekistondagi faoliyatini kengaytirmoqda

UzDaily tahririyati · 24.07.2026 · 22:20 · 30 views
TBC Bank Group OLX Uzbekistan’ning nazorat ulushini sotib olib, O‘zbekistondagi faoliyatini kengaytirmoqda

TBC Bank Group OLX Uzbekistan’ning nazorat ulushini sotib olib, O‘zbekistondagi faoliyatini kengaytirmoqda

Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — Gruziyadagi yetakchi moliyaviy xizmatlar ekotizimi hamda Oʻzbekistondagi eng yirik raqamli moliyaviy ekotizimlardan birining operatori, aksiyalari London fond birjasida joylashtirilgan TBC Bank Group (TBC PLC) 2026-yil 24-iyul kuni aksiyalarni oldi-sotdi qilish to‘g‘risidagi shartnoma shartlariga muvofiq global texnologik investor Prosus tarkibiga kiruvchi OLX Group’dan Oʻzbekistondagi onlayn eʼlonlar bozori yetakchisi — OLX Uzbekistan (OLX CLASSIFIEDS MCHJ XK  yoki OLX UZ) kompaniyasining nazorat ulushini sotib olish jarayoni yakunlanganini eʼlon qiladi.

O‘zbekistonda ulushning o‘tishi bo‘yicha tegishli davlat ro‘yxatidan o‘tkazish ishlari bitim yakunlanganidan keyingi amalga oshirish jarayoni doirasida yaqin vaqt ichida yakunlanishi kutilmoqda.

Bitim O‘zbekiston Respublikasi Raqobatni rivojlantirish va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish qo‘mitasining tegishli roziligi olingach yakunlandi.

Mazkur bitimni amalga oshirish uchun TBC Bank Group Yaqin Sharqdagi yetakchi xalqaro institutsional investorlar, oilaviy ofislar va suveren jamg‘armalar mablag‘larini jalb qiluvchi Titan Investments xalqaro investitsion xoldingi bilan qo‘shma korxona (QK) tashkil etdi. Ushbu qo‘shma korxona OLX Uzbekistan’ning 100 foiz ulushini sotib oldi. Bunda TBC Bank Group qo‘shma korxonada 50 foiz + 1 ta aksiyaga, Titan Investments esa qolgan ulushga egalik qiladi.

OLX UZ mamlakatda eng ko‘p kiriladigan veb-saytlar top-10 taligiga kiradi. Oylik 5 million faol foydalanuvchi hamda xizmatlar, tovarlar, transport va ko‘chmas mulk yo‘nalishlarida 2 million faol e’longa ega. Platforma O‘zbekistondagi faol internet foydalanuvchilarining qariyb 17 foiziga xizmat ko‘rsatadi.

OLX UZ o‘z brendi ostida mustaqil ochiq onlayn e’lonlar platformasi sifatida faoliyat yuritishda davom etadi. Kelgusida TBC Uzbekistan OLX UZ orqali moliyaviy va to‘lov xizmatlarini integratsiya qilishni rejalashtirmoqda. Bu chakana va biznes mijozlarining platformadagi faolligini yanada oshirishga xizmat qiladi. O‘z navbatida, bu allaqachon barqaror va daromadli o‘sishni namoyon etayotgan OLX UZ'ga o‘z biznesini yanada rivojlantirish imkonini beradi.

Nika Kurdiani, CEO TBC Uzbekistan: “Mazkur bitimning yakunlanishi ekotizimimizga kengayish salohiyatiga ega va daromadli aktivlarni integratsiya qilish orqali biznesni rivojlantirish hamda diversifikatsiya qilish strategiyasini amalga oshirishdagi muhim bosqich hisoblanadi. OLX UZ’ning xarid qilinishi bizga jadal rivojlanayotgan yangi yo‘nalishga kirish, millionlab yangi mijozlarni jalb qilish, ularning e’tiborini ko‘proq qozonish uchun mahsulotlar turini kengaytirish hamda uzoq muddatli mijozlar sadoqati va faolligini ta’minlovchi qo‘shimcha sinergiya imkoniyatlaridan samarali foydalanish imkonini beradi.

Biz OLX Uzbekistan platformasining raqobatdagi asosiy ustunliklari — uning ochiqligi va mustaqilligini saqlab qolgan holda, foydalanuvchilar uchun yangi mahsulot va xizmatlarni ishlab chiqishni davom ettiramiz. Titan Investments bilan hamkorligimizni yuksak qadrlaymiz va jamoalarimizning tajribasi OLX UZ’ning yanada o‘sishi hamda uning ekotizimimiz tarkibiga muvaffaqiyatli integratsiya qilinishiga xizmat qilishiga ishonamiz”.

TBC Bank Group va Titan Investments o‘rtasidagi qo‘shma korxona raqamli biznesni yo‘lga qo‘yish va rivojlantirish bo‘yicha noyob tajriba hamda salohiyatni o‘zida birlashtiradi. Bu TBC Bank Group uchun Titan Investments’ning investitsiyalar kiritish hamda jadal rivojlanayotgan onlayn e’lonlar platformalarini rivojlantirish sohasidagi tajribasidan foydalanish imkonini beradi. TBC Uzbekistan esa asosiy e’tiborni raqamli bank mahsulotlarini OLX UZ platformasiga integratsiya qilish va OLX UZ bilan birgalikda yangi mahsulotlarni ishlab chiqishga qaratadi.