SHHT TIV rahbarlari Bishkek sammitiga tayyorgarlikni muhokama qildi
SHHT TIV rahbarlari Bishkek sammitiga tayyorgarlikni muhokama qildi
Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — O‘zbekiston tashqi ishlar vaziri Baxtiyor Saidov 24 iyul kuni Qirg‘izistonning Cho‘lponota shahrida bo‘lib o‘tgan Shanxay hamkorlik tashkilotiga (SHHT) aʼzo davlatlar Tashqi ishlar vazirlari kengashining navbatdagi yig‘ilishida ishtirok etdi.
Uchrashuvning asosiy mavzusi bo‘lajak SHHT sammitiga tayyorgarlik masalasi bo‘ldi. Qatnashchilar tashkilot faoliyatining ustuvor yo‘nalishlari, ko‘p tomonlama hamkorlikni yana-da rivojlantirish, iqtisodiy va transport-logistika aloqalarini kengaytirish, shuningdek, mintaqaviy xavfsizlik va barqaror rivojlanishning dolzarb jihatlarini muhokama qildilar.
Yig‘ilish yakunlari bo‘yicha tashqi siyosat idoralari rahbarlari bir qator hujjatlarni imzoladilar.
Tadbir doirasida delegatsiyalar rahbarlari ramziy kartinani birgalikda yaratish marosimida ham ishtirok etdilar.
Baxtiyor Saidovning taʼkidlashicha, mazkur tashabbus SHHTga aʼzo davlatlarning o‘zaro ishonch, do‘stlik va yaxshi qo‘shnichilik munosabatlarini yana-da mustahkamlashga bo‘lgan umumiy intilishini ifoda etadi.
O‘zbekiston tashqi ishlar vaziri Qirg‘iziston tashqi ishlar vaziri Jeenbek Kulubayev hamda uchrashuv tashkilotchilariga tadbirning yuksak saviyada tashkil etilgani va mehmondo‘stlik uchun minnatdorlik bildirdi.