O'zbekiston uran merosi ob'ektlarini boshqarish tajribasini taqdim etadi
O'zbekiston uran merosi ob'ektlarini boshqarish tajribasini taqdim etadi
Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — Qozog‘iston Respublikasining Aktau shahrida Uran merosi obyektlari bo‘yicha Muvofiqlashtiruvchi guruhning — CGULS yillik yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.
Tadbirda Markaziy Osiyo mamlakatlari, Atom energiyasi bo‘yicha xalqaro agentlik — MAGATE, Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki, Yevropa Ittifoqi, BMT Taraqqiyot dasturi hamda boshqa xalqaro tashkilotlar va rivojlanish bo‘yicha hamkorlar vakillari ishtirok etdi.
Yig‘ilish doirasida uran merosi obyektlarini reabilitatsiya qilish sohasida erishilgan natijalar, reabilitatsiyadan keyingi uzoq muddatli boshqaruv tizimini shakllantirish, obyektlarning xavfsizligini ta’minlash va mintaqaviy hamkorlikni mustahkamlash masalalari muhokama qilindi.
Chiqindilarni boshqarish va sirkulyar iqtisodiyotni rivojlantirish agentligi vakillari O‘zbekistonda uran merosi obyektlarini reabilitatsiya qilish hamda ularni uzoq muddatli postreabilitatsion boshqarish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar yuzasidan taqdimot o‘tkazdi.
Taqdimotda “Yangiobod” va “Chorkesar-2” obyektlarida bajarilgan reabilitatsiya ishlari, obyektlarning xavfsiz holatini saqlash, radiatsion va ekologik monitoringni davom ettirish, muhandislik va himoya inshootlariga texnik xizmat ko‘rsatish, ma’lumotlarni tizimli ravishda saqlash hamda malakali mutaxassislarni tayyorlash masalalariga alohida e’tibor qaratildi.
Shuningdek, O‘zbekistonda uran merosi obyektlarini boshqarishda vaqtinchalik loyiha yondashuvidan tizimli va doimiy davlat boshqaruvi modeliga bosqichma-bosqich o‘tilayotgani qayd etildi.
Mazkur model doirasida Agentlikning davlat muvofiqlashtiruvchisi sifatidagi funksiyalarini mustahkamlash, ixtisoslashtirilgan operator faoliyatini tashkil etish va tartibga soluvchi organlarning mustaqil nazorat vakolatlarini saqlab qolish nazarda tutilmoqda.
Yig‘ilish ishtirokchilari Germaniya, Amerika Qo‘shma Shtatlari, Qozog‘iston, Qirg‘iz Respublikasi va boshqa mamlakatlarning postreabilitatsion boshqaruv, monitoring, texnik xizmat ko‘rsatish, institutsional salohiyatni rivojlantirish va uzoq muddatli ma’lumotlarni saqlash bo‘yicha tajribasi bilan tanishdi.
Tadbir doirasida Yevropa Ittifoqi va BMT Taraqqiyot dasturining qo‘shma loyihasi asosida mahalliy hamjamiyatlarni qo‘llab-quvvatlash, ijtimoiy infratuzilmani yaxshilash, aholi salohiyatini oshirish va tadbirkorlik tashabbuslarini rivojlantirish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar ham muhokama qilindi.
Agentlik MAGATE, Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki, Yevropa Ittifoqi, BMT Taraqqiyot dasturi hamda boshqa xalqaro hamkorlarga O‘zbekistondagi uran merosi obyektlarini xavfsiz boshqarish tizimini rivojlantirishga ko‘rsatayotgan amaliy va ekspert ko‘magi uchun minnatdorlik bildiradi.
Yig‘ilish yakunlari uran merosi obyektlarining uzoq muddatli xavfsizligini ta’minlash, atrof-muhit va aholi salomatligini muhofaza qilish, shuningdek, Markaziy Osiyo mamlakatlari o‘rtasidagi mintaqaviy hamkorlikni yanada rivojlantirishga xizmat qiladi.