Oʻzbekiston va Qatar tibbiyot va farmatsevtika sohasidagi hamkorlikni muhokama qilishdi
Oʻzbekiston va Qatar tibbiyot va farmatsevtika sohasidagi hamkorlikni muhokama qilishdi
Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — Tibbiyot va farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish agentligida Qatar Davlatining O‘zbekiston Respublikasidagi Favqulodda va Muxtor Elchisi Hasan Hamza Hoshim bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
Uchrashuvda Agentlik direktori Abdulla Azizov mamlakatimizda farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish bo‘yicha amalga oshirilayotgan islohotlar, mahalliy ishlab chiqarishni kengaytirish, xalqaro GMP va GPP standartlarini joriy etish, dori vositalarining sifati va xavfsizligini taʼminlash hamda O‘zbekistonni Markaziy Osiyoning tibbiyot va farmatsevtika xabiga aylantirish borasidagi ishlar haqida maʼlumot berdi.
Muzokaralarda genomika, biobanklar, regenerativ tibbiyot, sunʼiy intellekt texnologiyalari, klinik tadqiqotlar va innovatsion loyihalarni birgalikda amalga oshirish, Qatarning yetakchi universitetlari, ilmiy markazlari va xususiy kompaniyalari bilan hamkorlikni yo‘lga qo‘yish, texnologiyalar transferi, mutaxassislar tayyorlash hamda investitsiya loyihalarini amalga oshirish masalalari yuzasidan fikr almashildi.
Uchrashuv yakunlariga ko‘ra, tomonlar tibbiyot va farmatsevtika sohasidagi amaliy hamkorlikni yana-da chuqurlashtirish, to‘g‘ridan-to‘g‘ri institutsional aloqalarni mustahkamlash va istiqbolli qo‘shma loyihalarni amalga oshirish bo‘yicha muloqotlarni izchil davom ettirishga kelishib oldilar.