O‘zbekiston Iqtisod Moliya Texnologiyalar Madaniyat Sport Turizm Dunyo Media OutReach Newswire
O‘zbekiston

Senat Davlat xizmati va Prezident ma'muriyatini isloh qilish to'g'risidagi qonunni ma'qulladi

UzDaily tahririyati · 10.07.2026 · 17:40 · 30 views
Senat Davlat xizmati va Prezident ma'muriyatini isloh qilish to'g'risidagi qonunni ma'qulladi

Senat Davlat xizmati va Prezident ma'muriyatini isloh qilish to'g'risidagi qonunni ma'qulladi

Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — Oliy Majlis Senatining 17-yalpi majlisida “Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasining tuzilmasi hamda davlat fuqarolik xizmati tizimi takomillashtirilishi munosabati bilan Oʻzbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga qoʻshimcha va oʻzgartirishlar kiritish toʻgʻrisida”gi Qonun koʻrib chiqildi.

Keyingi yillarda professional davlat boshqaruvi tizimini yaratish, davlat xizmatchilari ishining natijadorligini taʼminlash, aholining davlat xizmatiga boʻlgan ishonchini yanada oshirish boʻyicha keng koʻlamli islohotlar amalga oshirilmoqda.

Xususan, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi negizida Boshqaruv samaradorligi agentligi tashkil etildi, Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Madaniyat va sanʼatni rivojlantirish jamgʻarmasi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuriga oʻtkazildi, shuningdek davlat fuqarolik xizmati tizimi takomillashtirildi.

Shu munosabat bilan qonunchilik hujjatlarining oʻzaro muvofiqligini taʼminlash, davlat fuqarolik xizmati, sud, prokuratura, ichki ishlar va bojxona organlari, Milliy gvardiyada xizmatni oʻtash tizimi va tartibini takomillashtirish yuzasidan Oʻzbekiston Respublikasining ayrim qonunlariga tegishli oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritilmoqda.

Jumladan, Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi negizida tashkil etilgan Boshqaruv samaradorligi agentligining huquqiy maqomi mustahkamlanib, davlat fuqarolik xizmatiga oid hujjatlarni majburiy kelishish tizimi joriy etilmoqda. Prokuratura, ichki ishlar, Milliy gvardiya xodimlari va sudyalar Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasiga ishga oʻtganda ularning avvalgi xizmat joyi boʻyicha kadrlar zaxirasida saqlanib qolishi kafolatlanmoqda.

Senatorlar muhokama jarayonida ushbu Qonun mamlakatimizda amalga oshirilayotgan maʼmuriy islohotlar samaradorligini oshirishga, davlat fuqarolik xizmatini oʻtash tartibini takomillashtirishga hamda Milliy gvardiya, sud, prokuratura, ichki ishlar va bojxona organlarining faoliyati uchun munosib shart-sharoitlar yaratishga xizmat qilishini taʼkidladi.

Muhokama yakunida senatorlar Qonunni maʼqulladi.