Oʻzbekiston va UC Berkeley universiteti qishloq xoʻjaligi sohasida sunʼiy intellektni rivojlantirish masalalarini muhokama qilishdi
Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — Qishloq xo‘jaligi vaziri Ibrohim Abdurahmonov AQShning Kaliforniya universiteti — UC Berkeley AMENA Center for Entrepreneurship and Development markazi katta ilmiy xodimi, sun’iy intellekt tadqiqotchisi, professor Yahyo Tabesh bilan uchrashdi.
Uchrashuvda qishloq xo‘jaligini raqamlashtirish, sun’iy intellekt texnologiyalarini agrar sohaga joriy etish, innovatsion ta’lim va inson kapitalini rivojlantirish masalalari muhokama qilindi.
Tomonlar qishloq xo‘jaligida sun’iy intellekt asosida qaror qabul qilish tizimlari, “aqlli” texnologiyalar va ma’lumotlarga asoslangan boshqaruvni rivojlantirish bo‘yicha hamkorlik imkoniyatlarini ko‘rib chiqdilar.
Shuningdek, UC Berkeley bilan ta’lim va ilmiy tadqiqotlar sohasidagi hamkorlikni yangi bosqichga olib chiqish, professor va ekspertlarni O‘zbekistonga jalb etish, talabalar va mahalliy mutaxassislar uchun amaliy mashg‘ulotlar hamda qo‘shma ta’lim va tadqiqot dasturlarini yo‘lga qo‘yish bo‘yicha takliflar bildirildi.
Uchrashuvda sun’iy intellekt innovatsiya parkini tashkil etish bo‘yicha dastlabki konseptual yondashuv ham taqdim etildi. Unda AI texnologiyalarini agrotexnologiyalar, sanoat, energetika, logistika va boshqa ustuvor sohalarda qo‘llash, innovatsion loyihalar uchun ta’lim va amaliy tayyorgarlik muhitini yaratish taklif etildi.
Uchrashuvning muhim mavzularidan yana biri — sun’iy intellekt davrida ta’lim va inson kapitalini rivojlantirish bo‘ldi. Professor Yahyo Tabesh texnologik bilimlar bilan bir qatorda ijodkorlik, axloqiy tafakkur, insonparvarlik va tasavvurni rivojlantirish muhimligini ta’kidladi.
“Sun’iy intellekt inson qobiliyatining o‘rnini bosmasligi, aksincha, uni kuchaytirishi kerak”, degan yondashuv uchrashuvning asosiy g‘oyalaridan biri bo‘ldi.
Shu nuqtai nazardan, qishloq xo‘jaligi ta’limida loyiha asosida o‘qitish, amaliy masalalarni hal qilish va ijodiy fikrlashni rivojlantirishga qaratilgan zamonaviy yondashuvlarni joriy etish imkoniyatlari ham muhokama qilindi.