“O‘zbekneftgaz” va Schlumberger raqamli hamkorlikni kengaytiradi
Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — “O‘zbekneftgaz” AJ va AQSHning Schlumberger kompaniyasi texnologik hamkorlikni kengaytirish, jumladan, raqamlashtirish, sunʼiy intellektdan foydalanish va konlarni boshqarish uchun zamonaviy yechimlarni joriy etish masalalarini muhokama qildi. Bu haqda “O‘zbekneftgaz” xabar berdi.
Kompaniya boshqaruvi raisi Abdug‘ani Sanginov Schlumberger kompaniyasining Osiyo mintaqasi bo‘yicha vitse-prezidenti Li Dan boshchiligidagi delegatsiya bilan uchrashdi. Tomonlar hamkorlikning joriy holati va uni yana-da rivojlantirish istiqbollarini ko‘rib chiqdi.
Muzokaralarda neft-gaz sohasiga zamonaviy texnologiyalarni joriy etishga alohida eʼtibor qaratildi. Ustuvor yo‘nalishlar sifatida konlarni boshqarish, geofizik tadqiqotlar, ishlab chiqarish jarayonlarini raqamlashtirish, sunʼiy intellektdan foydalanish, modellashtirish hamda geologik maʼlumotlarni boshqarish belgilandi.
Kompaniyalar vakillari, shuningdek, Schlumberger tomonidan ilgari surilgan takliflar va ularni o‘zaro manfaatli shartlar asosida yana-da o‘rganish hamda amalga oshirish imkoniyatlarini muhokama qildi.
Uchrashuv davomida tomonlar texnologik yechimlar ustida birgalikda ishlashni davom ettirish, ishlab chiqarish samaradorligini oshirish va geologiya-qidiruv ishlarini takomillashtirishga tayyor ekanini bildirdi.
Abdug‘ani Sanginov hamkorlikning amaliy natijadorligini oshirish, ilg‘or texnologiyalarni jalb qilish va amaldagi loyihalarni samarali amalga oshirish muhimligini taʼkidladi.
Muzokaralar yakunida “O‘zbekneftgaz” va Schlumberger hamkorlikni mustahkamlash, istiqbolli yo‘nalishlarni muhokama qilishni davom ettirish va keyingi amaliy qadamlarni muvofiqlashtirishga kelishib oldi.