O‘zbekiston Iqtisod Moliya Texnologiyalar Madaniyat Sport Turizm Dunyo Media OutReach Newswire
O'z Ўз Ру En
Moliya

Oʻzbekiston fintechga 1 milliard dollar jalb qilmoqchi

Dilafro'z Niyazova · 24.08.2026 · 22:34 · 33 views
Oʻzbekiston fintechga 1 milliard dollar jalb qilmoqchi
Oʻzbekiston fintechga 1 milliard dollar jalb qilmoqchi / Foto: Oʻzbekiston Markaziy banki.

Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — O‘zbekiston 2030-yilgacha fintex sektoriga $1 mlrd xorijiy investitsiya jalb qilishni maqsad qilmoqda. Bu haqda 24-avgust kuni Markaziy bank raisi Timur Ishmetov Toshkentda bo‘lib o‘tayotgan “Silk Road Finance & Technology Forum“ ochilishida ma’lum qildi.

Ishmetovning so‘zlariga ko‘ra, asosiy vazifa mamlakatda to‘laqonli fintex ekotizimini shakllantirish va O‘zbekistonni moliyaviy texnologiyalarni rivojlantirish bo‘yicha mintaqaviy markazlardan biriga aylantirishdir. Buning uchun Markaziy bank yangi mahsulotlarni sinovdan o‘tkazish imkonini beruvchi “tartibga solish qumdoni“ni rivojlantirmoqda.

Asosiy yo‘nalishlardan biri Markaziy bankning Innovatsion xabi bo‘ladi. Uning ilk rezidentlarini 2026-yilning IV choragida qabul qilish rejalashtirilgan. Xab loyihalarni ishlab chiqish va sinovdan o‘tkazishdan tortib, ularni bozorga olib chiqishgacha bo‘lgan jarayonni qo‘llab-quvvatlaydi.
Shuningdek, regulyator ixtisoslashtirilgan venchur fondini tashkil etdi va xalqaro boshqaruv kompaniyalari bilan muzokaralar olib bormoqda. Maqsadlardan biri istiqbolli fintex loyihalariga yirikroq kapital va xalqaro hamkor investorlarni jalb qilishga yordam berishdir.

Bundan tashqari, Markaziy bank ochiq banking API’lari va yangi to‘lov standartlari ustida ishlamoqda. Ular moliyaviy tizimlar o‘rtasidagi hamkorlikni soddalashtirish va transchegaraviy xizmatlarni rivojlantirish uchun sharoit yaratishi kutilmoqda. Shuningdek, Markaziy bank sun’iy intellekt asosidagi muqobil kredit skoringi modelini ishlab chiqmoqda va raqamli so‘mdan foydalanishning ehtimoliy ssenariylarini o‘rganmoqda.