Qarshiga jamoat transporti uchun 38 ta yangi avtobus keldi
Qarshiga jamoat transporti uchun 38 ta yangi avtobus keldi
Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — Qarshi shahriga O‘zbekiston Prezidentining «Jamoat transporti tizimini isloh qilish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi (PQ-59-son) qarori hamda shahar transport va yo‘l-transport infratuzilmasini rivojlantirish bosh rejasi doirasida xususiy tadbirkorlar tomonidan xarid qilingan 38 ta zamonaviy avtobus keltirildi.
Yangi texnikani topshirish marosimida Qashqadaryo viloyati hokimi Murot Azimov, jamoatchilik vakillari, masʼul mansabdor shaxslar, tadbirkorlar hamda haydovchilar ishtirok etdi.
Tadbirda so‘zga chiqqan viloyat rahbari jamoat transportini yangilash ishlari Prezident tashabbusi bilan amalga oshirilayotganini, bu esa yo‘lovchi tashish xizmatlari sifatini oshirish va aholi uchun yana-da qulay sharoitlar yaratishga qaratilganini taʼkidladi. Marosimdan so‘ng haydovchilarga yangi avtobuslar kalitlari topshirildi, ishtirokchilar esa ularning texnik jihozlanishi bilan tanishdi.
Viloyat hokimligi maʼlumotiga ko‘ra, yangi avtobuslar Qarshi transport tizimini rivojlantirish bosh rejasida nazarda tutilgan ikkita yo‘nalishda xizmat ko‘rsatadi.
Yangi avtobuslar ishga tushirilgach, brutto-kontrakt tizimi asosida xizmat ko‘rsatadigan avtobus yo‘nalishlari soni 14 taga yetadi. Ushbu yo‘nalishlarda harakatlanadigan avtobuslar umumiy parki esa 164 tani tashkil etadi.