O‘zbekiston Iqtisod Moliya Texnologiyalar Madaniyat Sport Turizm Dunyo Media OutReach Newswire
Iqtisod

Oʻzbekiston iqtisodiyoti yilning birinchi yarmida 8,5% ga oʻsdi

UzDaily tahririyati · 21.07.2026 · 17:10 · 53 views
Oʻzbekiston iqtisodiyoti yilning birinchi yarmida 8,5% ga oʻsdi

Oʻzbekiston iqtisodiyoti yilning birinchi yarmida 8,5% ga oʻsdi

Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — Prezidentimiz raisligida joriy yilning birinchi yarmida erishilgan natijalar va yil yakunigacha qilinadigan ishlar muhokamasiga bag‘ishlangan videoselektor yig‘ilishi boshlandi.

Davlatimiz rahbari so‘zga chiqadigan rahbarlar faqat hisobot bilan cheklanmasdan, qanday yangi zaxiralar topgani, ularni ishga solish bo‘yicha qanday tizim tashkil etayotgani va yil yakunigacha qanday natijaga erishishini aniq tushuntirishi zarurligini qayd etdi. Shuningdek, global vaziyat o‘zgarib borayotgan hozirgi sharoitda har bir rahbar qo‘shimcha ssenariylar bilan ishlashi shartligi ko‘rsatib o‘tildi.

Yil boshidan mamlakatimiz iqtisodiyoti 8,5 foizga o‘sdi. Sanoatda 8 foiz, xizmatlarda 16,9 foiz, qurilishda 13,8 foiz, qishloq xo‘jaligida 4,7 foiz o‘sish ta’minlandi.

Investitsiyalar hajmi 28 milliard dollarga, eksport 14,4 milliard dollarga yetdi. Nufuzli “Fitch” va “Moody’s” xalqaro reyting agentliklari mamlakatimiz suveren kredit reytingini bir pog‘ona yaxshiladi.

Shu bilan birga, davlatimiz rahbari 40 millionli aholi hayotini yaxshilash uchun 9-10 foizli iqtisodiy o‘sish zarurligini ta’kidladi.

Yig‘ilishda hudud va tarmoq rahbarlarining olti oylik rejalari ijrosi tanqidiy tahlil qilindi.

Ayrim hududlarda yalpi hududiy mahsulot, qurilish va investitsiya ko‘rsatkichlari bo‘yicha imkoniyatlar to‘liq ishga solinmagani ko‘rsatib o‘tildi.

Davlatimiz rahbari hozirgi global tebranishlar sharoitida viloyat, tuman va shaharlarga tadbirkorlik hamda ijtimoiy infratuzilma loyihalari uchun mablag‘lar ko‘paytirib berilayotganini qayd etdi.

Shu bilan birga, har bir vazir va hokimning ishi odamlarning yashash madaniyatida sezilmasa, tadbirkorlarning og‘irini yengil qilmasa, bunday natija faqat “qog‘ozdagi raqam” bo‘lib qolishi ta’kidlandi.

Oylik, choraklik va yillik rejasini bajarmagan birorta vazir, hokim yoki tarmoq rahbari bunday sharoitda xotirjam ishlashga haqli emasligi qat’iy ko‘rsatib o‘tildi.

Yig‘ilishda “mahalla yettiligi” ishini yangicha tashkil etish masalasiga alohida e’tibor qaratildi. O‘tgan hafta bu borada barcha masalalar tushuntirilib, mas’ullarga aniq vazifalar belgilab berilgan edi.

Bu borada “Dolzarb 40 kunlik” e’lon qilinib, 2 mingta eng og‘ir mahallada ishlarni mutlaqo yangi tizim asosida tashkil etish boshlandi.

Ushbu mahallalarda hokim, mahalla raisi va bandlik bo‘limi o‘rtasidagi uch tomonlama shartnomalar qayta ko‘rib chiqildi.

Hokimlar 2 mingta og‘ir mahallada elektr, gaz, yo‘l va suv masalalarini o‘z vaqtida hal qilishga shaxsan javobgar bo‘ladi.

Bandlik tizimi mas’ullari ehtiyojmand aholini o‘qitish, ishga joylashtirish va daromadini oshirish maqsadida hududma-hudud yuradi.

Mahalla tizimi rahbarlariga 8 ming 992 ta mahallada ko‘chalar va uylarni obod qilish, daraxt va ko‘chat ekish, ariqlarni toza tutish bo‘yicha aniq majburiyatlar yuklatildi.

Davlatimiz rahbari banklarning mahalladagi ishidan mutlaqo norozi ekanini bildirdi. Shu bois, Markaziy bankning viloyatlardagi rahbarlari va davlat banklari filiallari boshliqlarining faoliyatiga qat’iy e’tiroz bildirildi.

Viloyat va tuman banklari hamda mahalla uyushmalari uchun bu yil sinov va amaliy attestatsiya yili bo‘ladi. Keyingi uch oyda natija qilgan rahbar ishida qoladi, o‘zgarish qilmagani esa lavozimini tark etadi.

Bosh prokuratura va Hisob palatasiga har bir mahallada qanday ish ketayotgani, qanday o‘zgarish bo‘layotganini nazorat qilish vazifasi qo‘yildi.

Shu bilan birga, mahallalarda ozodalik, yashash madaniyati va hovlilar bilan ishlash masalalari ham tanqidiy ko‘rib chiqildi. Hovli uylarni ham boshqaruv kompaniyalari faoliyati bilan qamrab olish muhimligi qayd etildi.

Davlatimiz rahbari odamlar biznes boshlab, eksportga chiqishi uchun barcha sharoitlar yaratilayotganini ta’kidladi.

Hozir 51 ta vazirlik va idorada 322 ta yo‘nalishda moliyaviy jarima qo‘llash vakolati bor. 2024-2026-yillarda qariyb 3 trillion so‘mlik jarima qo‘llanilgan.

Prezidentimiz jazo qo‘llaydigan tashkilotlar mas’ullarining ongi va dunyoqarashi o‘zgarishi zarurligini ta’kidladi. Ular tadbirkorni jazolashdan oldin unga imkoniyat berish va to‘g‘ri yo‘l ko‘rsatishni o‘rganishi kerak.

Tashqi bozorda raqobat kuchayayotgan sharoitda ishlab chiqaruvchi va eksportchilar uchun to‘lov hamda yig‘imlarni kamaytirish masalasi ham ko‘tarildi.

Misol sifatida bir fura gilosni eksport qilishda bojxona yig‘imi, fumigatsiya, sertifikat va deklarant xizmati uchun 5 million so‘mgacha qo‘shimcha xarajat qilinayotgani aytildi.

Barcha vazir va tarmoq rahbarlariga bir haftada tizimidagi byurokratiya, jarima, to‘lov va yig‘imlarni keskin kamaytirish, biznes muhitini yaxshilash bo‘yicha takliflarni Prezident Administratsiyasiga kiritish topshirildi.

Olti oy yakuni bo‘yicha sanoat va eksport ko‘rsatkichlari ham tanqidiy tahlil qilindi.

Birinchi chorak yakunida sanoat rejasiga chiqmagan 13 ta tuman hokimi va eksportni kamaytirgan 15 ta tuman hokimi jazolangan edi. Ko‘pchilik hokimlar bundan xulosa chiqarib, olti oylik prognozlarni bajardi. Lekin ayrim tuman va shaharlarda sanoat o‘sishi sur’ati pasaygani qayd etildi.

Yangiobod tumanida sanoat o‘sishi prognoz qilingan 5,7 foiz o‘rniga atigi 1,8 foizni tashkil etdi. G‘ozg‘on shahri, Muzrabot, Qiziriq va Oltiariq tumanlarida ham o‘sish sur’ati tushib ketgan.

Eksport yo‘nalishida ham qator tuman va shaharlarda o‘zgarish bo‘lmagani ko‘rsatib o‘tildi. Xususan, Kasbi, Denov, Toshkent tumani, Jizzax shahri, Paxtaobod, Navoiy shahri, Jomboy, Toyloq, Bandixon, Mirzacho‘l, Yozyovon va Bektemirda ishlar susaygani tanqid qilindi.

Bosh vazirga ushbu 17 nafar hokimning lavozimiga loyiqligini bugunning o‘zida ko‘rib chiqish topshirildi.

To‘qqiz oy yakunida o‘zgarish bo‘lmasa, viloyat hokimi o‘rinbosarlariga nisbatan ham qat’iy chora ko‘rilishi belgilandi.

Strategik korxonalar xarajatlari ham alohida tahlil qilindi.

Oldin tarmoqlar umumiy xarajatlarni foizda qisqartirib, tannarx kamaygani haqida hisobot berar edi. Bir birlik mahsulot tannarxi bo‘yicha tahlil esa haqiqiy holatni ko‘rsatib berdi.

Masalan, Navoiy kon-metallurgiya kombinatida 1 unsiya oltin tannarxi 8,2 foizga oshgan. Jami xarajatlar o‘tgan yilga nisbatan 6,2 trillion so‘mga yoki 22 foizga ko‘paygan.

O‘zbekiston metallurgiya kombinatida po‘lat sharlar ishlab chiqarish tannarxi 5,4 foizga, “O‘zkimyosanoat”da karbamid bo‘yicha 11,1 foizga, ammiakli selitra bo‘yicha 8,3 foizga oshgan.

“Franklin Templeton” IPOga chiqishi kerak bo‘lgan 13 ta yirik kompaniyani tahlil qilib bergani qayd etildi.

“Uzbekistan Airways” misolida marshrutlar optimal tanlanmagani, reyslar orasi uzoqligi va kechikishlar ko‘pligi, keytering hamda texnik xizmatda raqobat yo‘qligi sababli 120 million dollar daromad boy berilayotgani ko‘rsatib o‘tildi.

Kelgusi o‘n yilda energetika infratuzilmasi uchun 8 milliard dollar talab etiladi.

Shu bilan birga, tarmoqlardagi yo‘qotishlarni kamaytirish orqali daromadni oshirish bo‘yicha yetarli ish olib borilmayapti. Olti oyda elektr energiyasi yo‘qotishi 17,2 foizni yoki 4,8 milliard kilovatt-soatni tashkil qilgan.

Gaz tarmog‘idagi yo‘qotishlar 7,6 foizga, ya’ni 797 million kub metrga yetgani aytildi. Hududiy gaz tarmoqlari korxonalarida mehnat unumdorligi qo‘shni davlatlarga nisbatan 1,5-2 barobar pastligi qayd etildi.

“Franklin Templeton” tahlillariga ko‘ra, “Hududiy elektr tarmoqlari” bozor qiymatini 2 barobarga oshirish mumkin.

Shuningdek, “Uzbekistan Airways” bozor qiymatini 40 foizga, “O‘zbektelekom”nikini 50 foizga oshirish imkoniyati bor.

Soliq tushumlari bo‘yicha ham mavjud imkoniyatlar to‘liq ishga solinmayotgani ko‘rsatib o‘tildi. Yil boshidan soliq tushumi 27 foizga ko‘payib, 130 trillion so‘mdan oshdi.

Lekin qo‘shimcha tushum bo‘yicha yillik reja atigi 40 foizga bajarilgan. Bu 12 trillion so‘mni tashkil etadi. Viloyat hokimlarining birinchi o‘rinbosarlari soliq tushumi bo‘yicha korxonalar bilan yetarli ishlamayotgani tanqid qilindi.

Buxoro viloyati misolida aylanmasi 100 million so‘mdan yuqori bo‘lgan 162 ta korxona ketma-ket uch yil faoliyatini zarar bilan yakunlagani uchun 1 so‘m ham foyda solig‘i to‘lamagani aytildi.

Shuningdek, 1,5 mingta korxona qo‘shilgan qiymat solig‘i to‘lamasdan, faqat QQSni chegirib yurgani qayd etildi. Shu bois, Buxoro viloyati hokimining birinchi o‘rinbosari lavozimidan ozod etildi.

1-iyuldan 498 ta yirik soliq to‘lovchi korxonadan soliq undirish vakolati viloyatlarga tushirib berilgani qayd etilib, endi birorta bahonaga o‘rin qolmagani ta’kidlandi. Viloyat hokimlarining birinchi o‘rinbosarlari, viloyat soliq rahbarlariga mazkur korxonalar bilan yaqindan ishlab, soliqlar to‘liq hajmda yig‘ilishini ta’minlash topshirildi.

Hozir 16 ta to‘qimachilik korxonasi kreditni qaytarish bo‘yicha sud jarayonlari cho‘zilayotgani sababli deyarli ishlamay turibdi. Ularning aksariyati yangi quvvatlar hisoblanadi.

Buning oqibatida 5 trillion so‘mlik mahsulot ishlab chiqarish va 400 million dollarlik eksport boy berilyapti.

Ayrim banklar tomonidan bunday korxonalar faoliyatini tiklash bo‘yicha ijobiy tajribalar borligi qayd etildi.

Masalan, “Toshkent kotton” korxonasiga tashqi boshqaruv guruhi kiritilib, faoliyati tiklangan va bu yil 10 million dollarlik eksport qilingan.

Mutasaddilarga qolgan korxonalarga mas’ullarni biriktirib, ishlab chiqarishni to‘liq tiklash topshirildi.

Yil boshidan 57 ta tarmoq va 76 ta hududiy korxona ishlab chiqarishni 11 trillion so‘mga kamaytirgani qayd etildi.

Bosh vazir o‘rinbosariga viloyat hokimlari va tarmoq rahbarlari bilan o‘n kunda “korxonabay” tahlil o‘tkazish topshirildi. Har bir korxonada qanday muammo bo‘lsa, shu joyning o‘zida hal etiladi.

Sanoat kengashiga 133 ta korxonada yo‘qotilgan 11 trillion so‘mlik ishlab chiqarishni qoplash bo‘yicha taklif kiritish vazifasi qo‘yildi.

Shuningdek, hozir 22 trillion so‘mlik 3 mingta davlat obyekti auksionda turgani aytildi. Hokimlarda davlat mulklarini sotish bo‘yicha tizim yo‘qligi tanqid qilindi.

Yaqinda yangi xususiylashtirish dasturi boshlanadi. Unga ko‘ra, 100 trillion so‘mlik 1,3 mingta ko‘chmas mulk, 8 ming gektar yer maydoni va 66 ta korxonadagi davlat ulushlari savdoga chiqariladi.

Davlat aktivini olgan tadbirkor uchun avans to‘lovi 30 foizdan 15 foizga kamaytiriladi. Qolgan summani foizsiz bo‘lib to‘lash imkoniyati beriladi.

Hozir banklar balansida 9 trillion 300 milliard so‘mlik 2 ming 411 ta mol-mulk sotilmay turibdi.

Har bir obyektning bank balansida asosli turgani tahlil qilinadi. Xaridori bor, lekin sun’iy ushlab turilgan obyektlar bo‘yicha qonun ustuvorligi ta’minlanadi.

Ayrim hududlarda import eksportdan tezroq o‘sib borayotgani ham tanqid qilindi. O‘tgan yili import eksportga nisbatan Toshkent viloyatida 1,9 milliard dollarga, Samarqandda 1,4 milliard dollarga ko‘p bo‘lgan.

Andijonda bu farq 866 million dollar, Jizzaxda 792 million dollar, Buxoroda 662 million dollarni tashkil etgan.

Davlatimiz rahbari har bir hokim bunday holatni chuqur o‘rganishi va import o‘rnini bosuvchi hamda eksportbop ishlab chiqarishni ko‘paytirish bo‘yicha aniq chora ko‘rishi shartligini ta’kidladi.

So‘nggi uch yilda eksportbop mahsulot chiqaradigan 509 ta yangi quvvat ishga tushirilgan. Ushbu loyihalar qiymati 11 milliard dollarni tashkil etadi.

Lekin bu korxonalarning 208 tasi haligacha eksportga chiqmagan. Agar ular mahsulotining kamida 30-40 foizini eksportga chiqarsa, mamlakatga yana 1,5 - 2 milliard dollar valyuta tushishi mumkin.

Yil boshidan 47 ta maxsus iqtisodiy zonadan 29 tasida umuman eksport bo‘lmagani ham tanqid qilindi. Qolgan 18 tasidagi eksport hajmi 500 million dollardan oshmaydi.

Mutasaddilarga “tezkor brigadalar” tashkil etib, 208 ta korxona va 29 ta maxsus iqtisodiy zonaga yuborish topshirildi. Bu brigadalar korxonalarning sertifikat, aylanma mablag‘, bozor va logistika bilan bog‘liq masalalarini tezkor hal etadi.

Shuningdek, ikki yildan buyon 300 million dollarlik 219 ta uskuna ishlatilmay turgani, yana 619 million dollarlik 154 ta uskuna bo‘yicha qurilish-montaj ishlari yakunlanmagani qayd etildi. Bir oy muddatda bu boradagi vaziyatni joyida o‘rganib, mavjud kamchilik va to‘siqlarni bartaraf etish topshirildi.

Milliy brendlarni qo‘llab-quvvatlash masalasi ham muhokama qilindi. Bu borada joriy etilgan tizim natijasida mahalliy brendlar soni ortib bormoqda.

So‘nggi ikki yilda milliy brendlar uchun 15,5 milliard so‘mlik moliyaviy yordam ko‘rsatilgan. Lekin o‘z brendini ro‘yxatdan o‘tkazgan 309 ta mahalliy korxonaning uchdan biri haligacha eksportga chiqmagan.

Davlatimiz rahbari brend yaratgan tadbirkorlar sifat, narx va kafolat bo‘yicha ichki bozorda ishonch qozonganini ta’kidladi. Ularga ozgina ko‘mak berilsa, tashqi bozorlarda ham o‘z yo‘lini topishi mumkin.

Shu bilan birga, ayrim import mahsulotlari demping narxda yoki kontrafakt sifatida kirib kelayotgani mahalliy ishlab chiqaruvchilar raqobatiga salbiy ta’sir ko‘rsatayotgani aytildi.

Mutasaddilarga ikki haftada mahalliy brendlarni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha dastur ishlab chiqish topshirildi.

Tashqi savdo yuklarining 70 foizi, ya’ni 46 million tonnasi temir yo‘l orqali tashiladi. Shu bilan birga, ushbu yo‘nalishda tadbirkorlardan e’tirozlar ko‘pligi qayd etildi.

Yil boshidan sement ishlab chiqaruvchilar yuk tashish uchun so‘ragan 2 ming 800 ta vagon yetkazib berilmagan. Ikkinchi yarim yillikda qo‘shimcha 1 ming 300 ta yuk vagoni ishlab chiqarish rejasi ham yetarli emasligi aytildi.

Mutasaddilarga o‘n kunda hamkor davlatlarda bo‘sh turgan 10 mingta vagonni xususiy sektor bilan birgalikda olib kelish bo‘yicha hisob-kitob tayyorlash topshirildi.

Shu bilan birga, “Angren – Pop”, “Toshg‘uzor – Qumqo‘rg‘on” va “Toshkent – Samarqand” temir yo‘l liniyalari ortiqcha yuklama bilan ishlayotgani qayd etildi.

Yil yakunigacha temir yo‘l infratuzilmasi uchun Jahon bankidan 200 million dollar jalb qilish bo‘yicha kelishuvga erishish vazifasi qo‘yildi.

Bosh prokuraturaga yuk vagonlarini ko‘paytirishga ajratilgan mablag‘larning ishlatilishi va tadbirkorlarga vagon ajratilishi tizimini o‘rganib, uni shaffof qilish bo‘yicha taklif kiritish topshirildi.

So‘nggi yillarda oliy darajadagi 52 ta tashrif doirasida 213 milliard dollarlik 1 ming 617 ta investitsiya loyihasi bo‘yicha kelishuvlarga erishilgan. Lekin bu loyihalar ijrosini nazorat qilishda sustkashliklar kuzatilayotgani qayd etildi.

Endilikda “yo‘l xaritalari” Hisob palatasi va Tashqi ishlar vazirligi tomonidan yuritilishi belgilandi.

Bosh vazirga har hafta tarmoq rahbarlari, hokimlar va elchilar bilan birga “yo‘l xaritalari”ni davlatlar kesimida, “loyihabay” muhokama qilish topshirildi.

Davlatimiz rahbari xorijdagi diplomatik vakolatxonalar faoliyati bo‘yicha ham ko‘p e’tirozlar borligini bildirdi. Belarusdagi elchi investitsiya va tashqi savdo masalalariga befarqligi uchun lavozimidan ozod etilgan, Fransiya, Avstriya, Ispaniya, Italiya, O‘mon, Indoneziya, Malayziya va Singapurdagi elchilarning faoliyati ham yetarli darajada ko‘rinmayotgani qayd etildi.

Prezident Administratsiyasi rahbari Saida Mirziyoyevaga komissiya tuzib, iqtisodiy diplomatiya, investitsiya va eksport bo‘yicha diplomatik vakolatxonalarning ishini tahlil qilish, o‘z vazifasini bajara olmayotganlarni yosh, zamonaviy fikrlaydigan kadrlar bilan almashtirish yuzasidan takliflar kiritish topshirildi.

Yig‘ilishda iqtisodiy barqarorlik uchun eng muhim masalalardan biri – inflyatsiya muhokama qilindi. Davlatimiz rahbari bozorda tovar va xizmatlar taklifini ko‘paytirish orqali inflyatsiyani jilovlash vazifasi qo‘yilganini eslatdi.

Viloyat hokimlari yanvar-iyun oylarida inflyatsiyani 3 foizdan oshirmaslikni maqsad qilgan edi. Lekin Samarqand viloyatidan tashqari birorta hudud buni uddalay olmagan.

Aprel-iyun oylarida go‘sht narxi 6-8 foizga ko‘tarilgani qayd etildi. Shu bois, import go‘shtni samolyotda tashish xarajatlarini qoplash uchun 300 milliard so‘m ajratilgan. Poytaxt va Toshkent viloyatidan tadbirkorlar samolyotda 1 ming 300 tonna go‘sht olib kelgani aytildi. Lekin boshqa hududlar bu borada yetarli tashabbus ko‘rsatmagan.

Davlatimiz rahbari hokimlar va mas’ullar go‘sht balansini viloyatlar kesimida qayta ko‘rib chiqib, qachon va qaysi davlatdan qancha go‘sht olib kelish bo‘yicha aniq reja tuzishi shartligini ta’kidladi.

Qishloq xo‘jaligini ro‘yxatga olish natijalari chorvachilikdagi haqiqiy holatni ko‘rsatib berdi. Ilgari ma’lum qilingan raqamlarga nisbatan qoramollar soni 2,1 million boshga, qo‘y va echkilar soni 1,5 million boshga kam chiqdi.

Birgina Qashqadaryo viloyatida qoramollar soni 171 ming boshga, qo‘y va echkilar 288 ming boshga kamligi aniqlangan. Bu ushbu viloyat hisobidan bozorga 50 ming tonna go‘sht va 120 million litr sut chiqmasligini anglatadi.

Chorvachilik loyihalari uchun may oyida Qishloq xo‘jaligi jamg‘armasidan 1 trillion so‘m ajratilgan. Bunga qo‘shimcha ravishda Tiklanish va taraqqiyot jamg‘armasidan yana 50 million dollar yo‘naltiriladi.

Mazkur mablag‘lar hisobidan chorva kompleksi tashkil etishga 5 milliard so‘mgacha, naslli qoramolchilik uchun 20 milliard so‘mgacha 10 foizli kredit ajratiladi. Kreditlar 10 yil muddatga, 4 yillik imtiyozli davr bilan beriladi. Yil yakunigacha chetdan 100 ming bosh qoramol va 150 ming bosh qo‘y-echki olib kelish vazifasi qo‘yildi.

Go‘shtni samolyotda olib kelish bo‘yicha imtiyoz yil yakunigacha uzaytiriladi.

Joylarda yil davomida intervensiya tizimi to‘g‘ri yo‘lga qo‘yilmagani sababli pishiqchilik paytida dalada kartoshka narxi tushib ketgani qayd etildi. Fermerlarda manfaatdorlik bo‘lmagani uchun 325 ming tonna kartoshka sotilmay turibdi.

Davlatimiz rahbari kartoshkani fermerlar foyda ko‘radigan narxda zaxiraga olib, taqchillik paytida bozorga chiqarish orqali narxni barqaror ushlash zarurligini ta’kidladi.

Yilning yarmi o‘tgan bo‘lsa-da, Qoraqalpog‘iston, Andijon, Jizzax, Surxondaryo va Toshkent viloyatida meva-sabzavotni saqlaydigan birorta ham sovitkichli ombor ishga tushirilmagani tanqid qilindi.

Yil yakunigacha 87 ming tonna quvvatga ega 340 ta sovitkichli omborni ishga tushirish vazifasi qo‘yildi.

Hokimlar bu yil oziq-ovqat jamg‘armalarini 2,5 barobar ko‘paytirib, 500 milliard so‘mga yetkazishi kerak edi. Lekin ayrim hududlardan tashqari birorta hokim jamg‘armaga mablag‘ o‘tkazmagani aytildi.

Bosh vazir o‘rinbosariga uch kunda grafik tasdiqlab, hokimlarga oziq-ovqat jamg‘armalariga oyma-oy qancha mablag‘ tushirishini belgilab berish topshirildi.

Yangiliklar yangilanmoqda