Farg‘ona viloyati hokimi ekspert bilan raqamli loyihalarni muhokama qildi
Farg‘ona viloyati hokimi ekspert bilan raqamli loyihalarni muhokama qildi
Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — Farg‘ona viloyati hokimi Xayrullo Bozorov xalqaro strategik innovatsiyalar bo‘yicha ekspert, axborot texnologiyalari, sunʼiy intellekt (SI) va raqamli transformatsiya sohalarida katta tajribaga ega mutaxassis Samer Shidiakni qabul qildi.
Uchrashuvda Iqtisodiyot va moliya vazirligi hamda Makroiqtisodiy va hududiy tadqiqotlar instituti vakillari ham ishtirok etib, viloyat iqtisodiyotini innovatsion rivojlantirish, raqamli texnologiyalarni keng joriy etish, sanoat tarmoqlarini modernizatsiya qilish, qurilish materiallari sohasidagi Forsayt ofisini tashkil etish masalalari muhokama qilindi.
Viloyat hokimi mazkur yo‘nalish jadal surʼatlarda rivojlanayotganini taʼkidlab, raqamli texnologiyalardan samarali foydalanish va malakali kadrlar tayyorlash ustuvor vazifalardan biri ekanini qayd etdi. Shuningdek, bu borada qo‘shma loyihalarni amalga oshirishga har tomonlama ko‘mak ko‘rsatilishini bildirdi.
Muloqotda Farg‘ona viloyatining sanoat va investitsiya salohiyati, mahalliy xomashyoni chuqur qayta ishlash, energiya tejamkor texnologiyalarni joriy etish, innovatsion ekotizimni rivojlantirish, tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash hamda oliy taʼlim muassasalari, ilmiy markazlar va startaplar o‘rtasidagi hamkorlikni mustahkamlash masalalari yuzasidan fikr almashildi.
Samer Shidiak Farg‘ona viloyatida amalga oshirilayotgan islohotlar va investitsiya muhitini yuqori baholab, innovatsiyalar va strategik rivojlanish yo‘nalishlarida o‘zaro manfaatli hamkorlikni yo‘lga qo‘yishga tayyorligini bildirdi.
Uchrashuv yakunida zamonaviy boshqaruv yondashuvlari va ilg‘or xalqaro tajribalarni Farg‘ona viloyatida joriy etish, shuningdek, amaliy hamkorlikni yana-da kengaytirish borasida kelishib olindi.