O‘zbekiston Iqtisod Moliya Texnologiyalar Madaniyat Sport Turizm Dunyo Media OutReach Newswire
Iqtisod

Bond ombori faoliyatini tashkil etish tartibi belgilandi

UzDaily tahririyati · 18.07.2026 · 15:40 · 31 views
Bond ombori faoliyatini tashkil etish tartibi belgilandi

Bond ombori faoliyatini tashkil etish tartibi belgilandi
 

Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — Hukumat qarori bilan “Bond ombori faoliyatini tashkil etish va amalga oshirish tartibi to‘g‘risida”gi nizom tasdiqlandi.
 
Nizom bond ombori faoliyatini tashkil etish, unga qo‘yiladigan talablar hamda bond omboriga tovarlarni joylashtirishda bojxona nazorati va rasmiylashtiruvini tashkil etish tartibini belgilaydi.
 
Nizomga ko‘ra, bond ombori faoliyatini amalga oshirishga erkin ombor faoliyatini litsenziyalash tartibi asosida hamda bond omborlari reyestriga kiritilgan taqdirda ruxsat etiladi.
 
Bond omboriga joylashtirilgan tovarlar bilan quyidagi operatsiyalar bajarilishi mumkin:
 
maxsus elektron savdo platformalari orqali jismoniy shaxslarga sotiladigan chet el tovarlarini saqlash;

tovarning o‘zgarmas holatda but saqlanishini taʼminlash operatsiyalari;

oddiy yig‘ish operatsiyalari va boshqalar.
 
Bond omborlari reyestriga kiritish talablari:
 
bond ombori joylashgan hududda amaldagi litsenziyaga ega erkin ombor mavjudligi;

maxsus elektron savdo platformasi bilan o‘zaro hamkorlik yoki sheriklik to‘g‘risida shartnoma mavjudligi;

umumiy maydoni kamida 15 000 kv.m bo‘lgan yaxlit erkin omborga ega bo‘lish va boshqalar.
 
Bojxona qo‘mitasi ariza kelib tushgan kundan boshlab 10 ish kunida arizani va unga ilova qilingan hujjatlarni ko‘rib chiqadi.
 
Shundan so‘ng, ariza beruvchiga uni bond omborlari reyestriga kiritish yoki kiritishni rad etish to‘g‘risida javob xatini yuboradi.