Etihad Airways aviakompaniyasi Toshkentga har kuni reyslarni yo'lga qo'yadi
Etihad Airways aviakompaniyasi Toshkentga har kuni reyslarni yo'lga qo'yadi
Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — Joriy yilning 10-avgustidan boshlab Birlashgan Arab Amirliklarining milliy aviatashuvchisi Etihad Airways Abu-Dabi – Toshkent – Abu-Dabi yo‘nalishi bo‘yicha muntazam qatnovlarni amalga oshirishni boshlaydi.
Parvozlar har kuni Airbus A320 turdagi havo kemalarida bajarilishi rejalashtirilgan bo‘lib, bu O‘zbekiston va BAA poytaxtlari o‘rtasida yo‘lovchilar uchun qulay va muntazam aviaqatnovlarni ta’minlaydi.
Etihad Airways — 2003-yilda tashkil etilgan, bosh qarorgohi Abu-Dabi xalqaro aeroportida joylashgan Birlashgan Arab Amirliklarining milliy aviakompaniyasi hisoblanib, aviakompaniyaning O‘zbekiston bozoriga kirib kelishi mamlakatning xalqaro havo qatnovlarini rivojlantirish yo‘lidagi muhim qadam hisoblanadi. Etihad Airways Yaqin Sharqdagi yirik aviatashuvchilardan biri bo‘lib, Fors ko‘rfazi mamlakatlari, Osiyo, Yevropa, Afrika, Avstraliya hamda Shimoliy Amerikadagi asosiy yo‘nalishlarni qamrab olgan keng marshrut tarmog‘iga ega.
Mazkur qatnovlarning yo‘lga qo‘yilishi O‘zbekiston yo‘lovchilariga mintaqaning eng yirik xalqaro aviatsiya xablaridan biri bo‘lgan Abu-Dabi orqali dunyoning ko‘plab yo‘nalishlariga qulay tranzit imkoniyatlaridan foydalanish imkonini yaratadi.