O‘zbekiston Iqtisod Moliya Texnologiyalar Madaniyat Sport Turizm Dunyo Media OutReach Newswire
O'z Ўз Ру En
Iqtisod

“O‘zbekneftegaz” qo‘shma korxonalar ustidan nazoratni kuchaytiradi

Dilafro'z Niyazova · 22.08.2026 · 15:35 · 42 views
“O‘zbekneftegaz” qo‘shma korxonalar ustidan nazoratni kuchaytiradi
“O‘zbekneftegaz” qo‘shma korxonalar ustidan nazoratni kuchaytiradi / Foto: “O‘zbekneftegaz” AJ.

Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — “O‘zbekneftegaz” AJ ulushga ega bo‘lgan qo‘shma korxonalar faoliyati ustidan nazoratni kuchaytirmoqda. Bunga boshqaruv, moliyaviy intizom va hisobot yuritishdagi muammolar aniqlangani sabab bo‘ldi. Masala kompaniya boshqaruvi raisi Abdug‘ani Sanginov raisligida muhokama qilindi.

Tanqidiy va tahliliy muhokama davomida «Natural Gas-Stream», «New Silk Road Oil and Gas» va “ANDIJANPETRO” qo‘shma korxonalarining faoliyati ko‘rib chiqildi. Dastlabki tahlil ish jarayonlarini tashkil etish, buxgalteriya hisobini yuritish va moliyaviy hisobotlarda qator tizimli muammolar mavjudligini ko‘rsatdi.

“O‘zbekneftegaz”da qo‘shma korxonalarning aksiyadorlik jamiyati oldidagi hisobdorlik mexanizmlari to‘liq ishlamayotgani ham qayd etildi. Shu bilan birga, yildan-yilga qazib olish hajmlarining kamayishi, investitsiya mablag‘laridan foydalanish samaradorligi, moliyaviy barqarorlikning yetarli emasligi hamda dividendlarni to‘lash bo‘yicha majburiyatlarning to‘liq bajarilmayotgani bilan bog‘liq masalalar aniqlangan.

Kompaniya bahosiga ko‘ra, muammolarning chuqurlashishiga taʼsischining qo‘shma korxonalar faoliyati ustidan zarur nazoratni amalga oshirmagani ham sabab bo‘lgan.

“O‘zbekneftegaz” o‘z ulushiga ega bo‘lgan korxonalar ustidan korporativ nazoratni kuchaytirishni rejalashtirmoqda. Ulardan korporativ boshqaruv tamoyillariga rioya qilish, taʼsischining huquq va manfaatlarini taʼminlash, shuningdek, ishlab chiqarish va moliyaviy ko‘rsatkichlarning shaffofligini taʼminlash talab etiladi.

Yangi tizim doirasida korxonalarning ishlab chiqarish quvvatlari, geologiya-qidiruv ishlari va geologiya-texnik tadbirlar samaradorligi qayta tahlil qilinadi. Shuningdek, “O‘zbekneftegaz” oldidagi qarzdorliklar inventarizatsiyadan o‘tkaziladi.

Moliyaviy oqimlar va xaridlar ustidan nazoratni raqamlashtirishga alohida eʼtibor qaratiladi. Qo‘shma korxonalarda rejalashtirilayotgan barcha tadbirlar, investitsiya loyihalari va ish jarayonlari “O‘zbekneftegaz” bilan kelishilishi kerak bo‘ladi. Ularning har biri amalga oshirilishidan oldin zarurati, iqtisodiy samaradorligi va qiymati baholanadi.

Kompaniya qo‘shma korxonalarning moliyaviy holati va dividend siyosatini ham qayta ko‘rib chiqadi. Korxonalar oldiga 2025–2026 yillar uchun dividendlarni to‘liq va o‘z vaqtida to‘lash, mavjud qarzdorlikni qoplash hamda kelgusi majburiyatlarning bajarilishi ustidan tizimli nazorat o‘rnatish vazifasi qo‘yildi.

“O‘zbekneftegaz”da yangi chora-tadbirlar mablag‘lardan maqsadsiz yoki samarasiz foydalanishning oldini olish, xarajatlar va qabul qilinayotgan qarorlar ustidan nazoratni taʼminlashi kerakligi maʼlum qilindi.

Pirovard maqsad ishlab chiqarish ko‘rsatkichlari va sof foydani oshirish orqali samarali boshqariladigan, moliyaviy barqaror va daromadli qo‘shma korxonalarni shakllantirish etib belgilandi.