Namanganda Xitoy ishtirokida logistika markazi tashkil etiladi
Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — Qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini yetishtirishdan tortib, uni saqlash, saralash, laboratoriya tahlili va ichki hamda tashqi bozorlarga yetkazib berishgacha bo‘lgan jarayonlarni yagona tizimga birlashtirish bugungi agrosanoat tarmog‘ining eng muhim vazifalaridan biri.
Joriy yil 12 avgust kuni Xitoyning “Qingdao Wanlin Group” kompaniyasi bosh direktori Li Yantao hamda Qishloq xo‘jaligi vazirligi mas’ullari aynan mana shu maqsadda Namangan viloyatining Chust tumanida bo‘ldi.
Tashrif davomida xorijiy hamkorga logistika markazini tashkil etish uchun “Namangan” erkin iqtisodiy zonasi hududida, zarur infratuzilma, jumladan, temir yo‘l tarmog‘i mavjud bo‘lgan 3 gektar yer maydoni taklif etildi.
Shuningdek, xorijiy hamkorga qishloq xo‘jaligi mahsulotlari yetishtirishni kengaytirish maqsadida tuman zaxirasida mavjud yer maydonlari ham tanishtirilib, mamlakatimizda investorlarga yaratilgan imtiyoz va yengilliklar, hududning agrar salohiyati hamda mavjud infratuzilma imkoniyatlari haqida batafsil ma’lumot berildi.
Kompaniya vakili taqdim etilgan ma’lumotlarni atroflicha o‘rganib chiqish, loyihaning texnik-iqtisodiy asoslarini (TEO) ishlab chiqish hamda dastlabki loyiha-smeta hujjatlarini tayyorlash orqali loyihani amalga oshirish ishlarini boshlashini ma’lum qildi.
Bu tashabbus Namangan viloyatida qishloq xo‘jaligi mahsulotlarining qo‘shilgan qiymat zanjirini yanada mustahkamlash, mahsulotlarni saqlash va eksportga tayyorlash imkoniyatlarini kengaytirish, shuningdek, zamonaviy laboratoriya infratuzilmasini shakllantirishda muhim qadam bo‘lishi kutilmoqda.