"O'zmetkombinat" va SINO STEEL yangi domna pechi qurilishini muhokama qilishdi
Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — “O‘zmetkombinat” AJ yangi ishlab chiqarish quvvatlarini yaratish, ilg‘or texnologiyalarni jalb etish va yirik sanoat loyihalarini amalga oshirish maqsadida xalqaro hamkorlikni izchil kengaytirmoqda.
Xitoy Xalq Respublikasiga amalga oshirilayotgan xizmat safari doirasida “O‘zmetkombinat” AJ Boshqaruv raisi Bahodir Abdullaev boshchiligidagi delegatsiya SINO STEEL Engineering & Research Incorporation Limited kompaniyasi rahbariyati bilan strategik muzokaralar o‘tkazdi.
Uchrashuvda kombinatning ishlab chiqarish salohiyatini yanada oshirish, zamonaviy muhandislik va texnologik yechimlarni joriy etish, ishlab chiqarish jarayonlarini takomillashtirish hamda yangi sanoat quvvatlarini barpo etish bo‘yicha hamkorlik istiqbollari muhokama qilindi.
Muzokaralarning muhim yo‘nalishlaridan biri — “O‘zmetkombinat” hududida yangi domna pechini barpo etish loyihasi bo‘ldi. Shuningdek, “Tebinbuloq”, “Temirkon” va “Zakar-Chuyan” konlarini geologik o‘rganish, burg‘ilash ishlarini tashkil etish va ularni sanoat asosida o‘zlashtirish masalalari ko‘rib chiqildi.
Mazkur muzokaralar “O‘zmetkombinat”ning xomashyo bazasini mustahkamlash, texnologik salohiyatini oshirish va yangi metallurgiya quvvatlarini yaratishga qaratilgan yirik strategik loyihalarni amaliy bosqichga olib chiqish yo‘lidagi muhim qadam bo‘ldi