Mototsiklist 210 km/soat tezlikda harakatlangani uchun jarimaga tortildi
Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — O‘zbekistonda Yo‘l harakati xavfsizligi boshqarmasi xodimlari tezlik cheklovi 60 km/soat bo‘lgan yo‘l uchastkasida soatiga 210 kmdan ortiq tezlikda harakatlangan va safarini videokameraga tasvirga olgan mototsiklistning shaxsini aniqladi. Bu haqda Yo‘l harakati xavfsizligi boshqarmasi xabar berdi.
Avvalroq ijtimoiy tarmoqlarda mazkur qoidabuzarlik aks etgan video tarqalgan edi.
Haydovchining shaxsi aniqlanganidan so‘ng unga nisbatan Maʼmuriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning belgilangan harakat tezligini oshirish uchun javobgarlikni nazarda tutuvchi 128-3-moddasi bo‘yicha maʼmuriy bayonnoma rasmiylashtirildi.
Mototsikl vaqtincha jarima maydonchasiga joylashtirildi.
Haydovchi qoidabuzarlikni tan oldi va bundan keyin bunday tezlikda harakatlanmasligini bildirdi.
Shuningdek, u boshqa yo‘l harakati ishtirokchilarini o‘z qilgan ishini takrorlamaslikka chaqirib, bunday harakat salbiy oqibatlarga olib kelishi mumkinligini taʼkidladi.