IT Park Ventures O‘zbekiston startapi DOMO‘ga investitsiya kiritdi
Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — IT Park Ventures O‘zbekistonning kommunal xizmatlarni to‘lash va boshqarishga mo‘ljallangan raqamli servisi — DOMO startapiga investitsiya kiritganini maʼlum qildi. Bitim haqida Silk Road Finance & Technology Forum doirasida eʼlon qilindi.
DOMO kommunal to‘lovlarni yagona raqamli muhitda birlashtiradi. Foydalanuvchilar xizmatlar haqini to‘lashi, isteʼmol va xarajatlarni kuzatishi, bir nechta ko‘chmas mulk obyektini ulashi hamda avtomatik to‘lovlarni sozlashi mumkin. Platforma, shuningdek, isteʼmolni tahlil qilish va xarajatlarni boshqarish vositalarini taqdim etadi.
Kompaniya maʼlumotlariga ko‘ra, hozirda DOMO‘da 2,3 milliondan ortiq foydalanuvchi ro‘yxatdan o‘tgan. Servisning oylik faol auditoriyasi 1,5 million, kunlik faol auditoriyasi esa qariyb 700 ming foydalanuvchini tashkil etadi.
DOMO jalb qilingan investitsiyalarni mahsulotni yana-da rivojlantirish va biznesni masshtablashtirishga yo‘naltirishni rejalashtirmoqda. Xususan, mablag‘lar xizmatning qamrov hududini kengaytirish, savdo va hamkorlik tarmog‘ini rivojlantirish, marketing, jamoani kuchaytirish hamda IT infratuzilmasini rivojlantirish uchun sarflanadi.
IT Park Ventures direktori Dalerxon Nodirov DOMO‘ning texnologik bazasi va startapni masshtablashtirish salohiyatini taʼkidladi.
«Biz DOMO‘da sifatli texnologik baza va masshtablashtirish istiqbolini qadrlaymiz. Hozirda jamoa HomeTech sohasini faol o‘zlashtirmoqda. Bu katta va istiqbolli yo‘nalish bo‘lib, unda foydali yechimlar uchun hali ko‘p imkoniyatlar bor. Biz jamoaga ishonamiz va hamkorligimiz ularga yana-da ishonch bilan oldinga harakat qilishda yordam beradi, deb umid qilamiz», — dedi Nodirov.
DOMO asoschisi Alisher Tojiyev IT Park Ventures bilan hamkorlik kompaniyaga servisni ko‘proq foydalanuvchilar uchun tezroq, qulayroq va hamyonbop qilish imkonini berishini aytdi.
«DOMO har kuni minglab oilalar uchun kommunal xizmatlar haqini to‘lashni osonlashtirmoqda. IT Park Ventures bilan hamkorlik servisni ko‘proq foydalanuvchilar uchun tezroq, qulayroq va hamyonbop qilish imkonini beradi. Investitsiya nafaqat oldimizda yangi imkoniyatlar ochadi, balki masʼuliyatimizni ham oshiradi», — dedi Tojiyev.
IT Park Ventures maʼlum qilishicha, mazkur bitim fondning investitsiya faoliyati va O‘zbekistondagi texnologik loyihalar bilan ishlash jarayonining navbatdagi natijasi bo‘ldi.