Oksford talabalari til o‘rganish uchun O‘zbekistonga keldi
Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — O‘zbekistonda Oksford universiteti talabalari uchun bir oylik «Yozgi maktab» boshlandi. Dastur doirasida talabalar o‘zbek tilini bevosita til muhitida o‘rganadi, shuningdek, mamlakat madaniyati, tarixi va anʼanalari bilan tanishadi. Bu haqda O‘zbekiston Prezidenti Administratsiyasi rahbari Saida Mirziyoyeva maʼlum qildi.
Bir oy davomida ishtirokchilar til mashg‘ulotlarida qatnashadi, madaniy tadbirlar va taʼlimiy uchrashuvlarda ishtirok etadi. Dastur doirasida Toshkent, Samarqand va Buxoroga safarlar ham ko‘zda tutilgan.
«Yozgi maktab» 2025 yil oktyabr oyida Oksford universitetining Osiyo va Yaqin Sharq tadqiqotlari fakultetida rasman ochilgan o‘zbekshunoslik dasturining davomi hisoblanadi. Dasturning ochilish marosimida O‘zbekiston Prezidenti Administratsiyasi rahbari Saida Mirziyoyeva ham ishtirok etgan.
Yangi tashabbus O‘zbekiston va Oksford universiteti o‘rtasidagi ilmiy-taʼlimiy aloqalarni yana-da rivojlantirish, shuningdek, xalqaro akademik muhitda o‘zbek tili va madaniyatini o‘rganish imkoniyatlarini kengaytirishga qaratilgan.
Saida Mirziyoyeva Oksfordda o‘tgan yili yo‘lga qo‘yilgan o‘zbekshunoslik dasturi allaqachon amaliy natijalar berayotganini taʼkidladi.
«O‘tgan yil oktyabr oyida bizning tashabbusimiz bilan Oksfordda boshlangan o‘zbekshunoslik dasturi izchil rivojlanib, allaqachon ajoyib amaliy natijalar berayotganidan juda xursandman», — dedi u.
«Yozgi maktab»da ishtirok etish Oksford universiteti talabalariga nafaqat o‘zbek tili bo‘yicha bilimlarini chuqurlashtirish, balki O‘zbekiston, uning madaniyati va milliy qadriyatlari bilan bevosita tanishish tajribasiga ega bo‘lish imkonini berishi kutilmoqda.