O‘zbekiston Iqtisod Moliya Texnologiyalar Madaniyat Sport Turizm Dunyo Media OutReach Newswire
O'z Ўз Ру En
O‘zbekiston

Mirziyoyev “SHHT-2040” konsepsiyasini ishlab chiqishni taklif qildi

Dilafro'z Niyazova · 01.09.2026 · 19:50 · 47 views
Mirziyoyev “SHHT-2040” konsepsiyasini ishlab chiqishni taklif qildi
Mirziyoyev “SHHT-2040” konsepsiyasini ishlab chiqishni taklif qildi / Foto: O'zbekiston Prezidenti matbuot xizmati.

Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev «SHHT-2040: umumiy taraqqiyot makoni» konseptual qarashini ishlab chiqishni boshlashni taklif qildi. Tashabbus 1 sentyabr kuni Bishkekda bo‘lib o‘tgan Shanxay hamkorlik tashkilotiga aʼzo davlatlar Davlat rahbarlari kengashi yig‘ilishida ilgari surildi. Bu haqda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti matbuot xizmati xabar berdi.

Mirziyoyevning so‘zlariga ko‘ra, SHHT davlatlari nafaqat joriy muammolarga javob qaytarishi, balki tashkilot taraqqiyotining uzoq muddatli yo‘nalishini ham belgilab olishi zarur. U davlatlarning raqobatbardoshligi o‘z salohiyatlarini birlashtirish va birgalikda rivojlanish uchun yangi imkoniyatlar yaratishga tayyorligiga bog‘liq bo‘lishini taʼkidladi.

O‘zbekiston Prezidentining rejasiga ko‘ra, taklif etilayotgan konsepsiya investitsiyalar, texnologiyalar va bilimlar erkin almashiladigan, yirik infratuzilmaviy va sanoat loyihalari amalga oshiriladigan, shuningdek, mintaqalar, biznes va aholi o‘rtasidagi to‘g‘ridan-to‘g‘ri aloqalar kengaytiriladigan o‘zaro bog‘liq va barqaror makonni shakllantirishga yo‘naltirilishi kerak.

Mirziyoyev SHHT bu yil 25 yilligini nishonlayotganini qayd etdi. Uning bahosiga ko‘ra, shu davr mobaynida tashkilot «Shanxay ruhi» tamoyillari asosida teng huquqli muloqot, mintaqaviy barqarorlik va barqaror taraqqiyotni taʼminlab, o‘zining dolzarbligi va samaradorligini tasdiqladi.

Davlat rahbari taʼkidlaganidek, O‘zbekiston SHHT tashkil etilgan ilk kunlardanoq uni ochiq, bloklarga qo‘shilmagan va tinchliksevar hamkorlik platformasi sifatida rivojlantirishni qo‘llab-quvvatlab kelmoqda. Mirziyoyev Markaziy Osiyoni tashkilotning geografik va strategik o‘zagi deb atab, uning O‘zbekiston uchun alohida ahamiyatga ega ekanini taʼkidladi.

Uzoq muddatli qarashning asosiy elementlaridan biri sifatida iqtisodiy hamkorlik belgilandi. Prezident SHHT sanoat kooperatsiyasi xaritasini ishlab chiqishni taklif qildi. U maxsus iqtisodiy zonalar, ishlab chiqarish jarayonlari, sotuv bozorlari va logistika imkoniyatlarini birlashtirishi kerak. Ushbu xarita biznes, investorlar va davlat tuzilmalari uchun yagona raqamli vositaga aylanishi ko‘zda tutilmoqda.

O‘zbekiston, shuningdek, SHHT Taraqqiyot bankini amaliy ishga tushirish zarur, deb hisoblaydi. Mirziyoyevning so‘zlariga ko‘ra, uning faoliyati umummintaqaviy ahamiyatga ega investitsiya takliflariga tayanishi lozim. Shu doirada transport, energetika, sanoat kooperatsiyasi va raqamli infratuzilma sohalarida ustuvor loyihalar portfelini shakllantirishni boshlash taklif etildi.

Tashabbuslarning alohida qismi sunʼiy intellekt sohasiga bag‘ishlandi. Mirziyoyev Xitoy Xalq Respublikasi raisi Si Szinpinning sunʼiy intellekt sohasida hamkorlik bo‘yicha Jahon tashkilotini tuzish taklifini qo‘llab-quvvatladi va SHHT yangi texnologik alyansning dastlabki hamkorlaridan biri bo‘lishi kerakligini bildirdi. Bundan tashqari, Prezident SHHTning Ochiq ko‘p tilli maʼlumotlar korpusini yaratishni taklif qildi.

O‘zbekiston kelasi yili SHHTning sunʼiy intellekt va yangi raqamli yechimlar bo‘yicha forumini o‘tkazishga tayyorligini bildirdi.

Uzoq muddatli taraqqiyot konsepsiyasida iqlim va resurslar xavfsizligi ham muhim o‘rin egallaydi. Mirziyoyev SHHT doirasida oziq-ovqat, suv va energetika xavfsizligi masalalari bo‘yicha yagona kun tartibini shakllantirishni taklif qildi. Uni ilgari surish uchun tashkilotning kompleks dasturlar, texnologiyalar va ilg‘or bilimlar almashinuvini muvofiqlashtiradigan ixtisoslashgan mexanizmini yaratish taklif etildi.

Amaliy qadamlardan biri 2035 yilgacha suv va energetika samaradorligi sohasida SHHT Texnologik hamkorlik dasturini ishlab chiqish bo‘lishi mumkin.

Prezident xalqaro transport koridorlarini yana-da rivojlantirish zarurligini ham taʼkidladi. Shu munosabat bilan u SHHT davlatlarining temir yo‘l makonlarini integratsiya qilish bo‘yicha Kengash tuzishni taklif qildi. Uning ustuvor vazifasi logistika infratuzilmasini rivojlantirishni muvofiqlashtirish va milliy transport tizimlarining uzviy uyg‘unlashuvini taʼminlashdan iborat bo‘lishi kerak.

Nutqning yana bir yo‘nalishi Afg‘onistondagi vaziyatga bag‘ishlandi. Mirziyoyev bu mamlakatda tinchlik va barqarorlikni saqlashni mintaqada xavfsizlik va taraqqiyotning fundamental sharti deb atadi. U xavfsizlik va iqtisodiy hamkorlik masalalarini muhokama qilish uchun SHHTning Afg‘oniston bilan muntazam muloqotini qayta tiklashni taklif qildi.

Yig‘ilishda Toshkentda joylashadigan Xavfsizlikka tahdid va chaqiriqlarga qarshi kurashish bo‘yicha Universal markaz to‘g‘risidagi nizom ham tasdiqlandi.

Gumanitar sohada O‘zbekiston rahbari 2028–2030 yillarga mo‘ljallangan anʼanaviy sanʼat va nomoddiy madaniy merosni asrash hamda ommalashtirish bo‘yicha hamkorlik dasturini tayyorlashni taklif qildi.

Mirziyoyev o‘z nutqida Yaqin Sharqdagi vaziyatdan ham xavotir bildirdi va muloqotni qayta tiklash hamda keskinlikni pasaytirish zarurligini taʼkidladi.

Qirg‘iziston Prezidenti Sadir Japarov raisligida o‘tkazilgan yig‘ilishda Belarus, Hindiston, Eron, Qozog‘iston, Xitoy, Pokiston, Rossiya va Tojikiston rahbarlari, shuningdek, SHHT organlari rahbarlari ishtirok etdi. Uchrashuv yakunlari bo‘yicha tashkilotga raislik Qirg‘izistondan Pokistonga o‘tdi.