O‘zbekiston

Sinoma International Toshkent viloyatida sanoat loyihalarini o‘rganadi

Sinoma International Toshkent viloyatida sanoat loyihalarini o‘rganadi
Sinoma International Toshkent viloyatida sanoat loyihalarini o‘rganadi / Foto: Toshkent viloyat hokimligi matbuot xizmati.

Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — Toshkent viloyati hokimi Zoir Mirzayev boshchiligidagi delegatsiya Xitoyga amaliy tashrif doirasida Sinoma International Engineering Co., Ltd. kompaniyasi bilan hududda sanoat loyihalarini amalga oshirish istiqbollarini muhokama qildi. Bu haqda Toshkent viloyati hokimligi matbuot xizmati xabar berdi.

Tashrifning birinchi kuni Pekin shahrida viloyat vakillari qurilish materiallari ishlab chiqarish va sanoat injiniringiga ixtisoslashgan Xitoy kompaniyasi rahbariyati bilan uchrashdi.

Tomonlar Toshkent viloyatida zamonaviy ishlab chiqarish quvvatlarini yaratish, qurilish materiallari sanoatini rivojlantirish, sanoat korxonalarini texnologik modernizatsiya qilish va ilg‘or muhandislik yechimlarini joriy etish masalalarini muhokama qildi.

Sinoma International Engineering sement va tog‘-kon sanoati uchun EPC tamoyili asosida kompleks loyihalarni amalga oshiradi. Kompaniya, shuningdek, ishlab chiqarish liniyalari uchun yuqori texnologiyali uskunalar, jumladan, aylanma pechlar va maydalagichlar ishlab chiqaradi.

Hozirgi vaqtda kompaniya faoliyati anʼanaviy sanoat yo‘nalishlaridan tashqariga ham chiqmoqda. Sinoma International Engineering qayta tiklanuvchi energetika, atrof-muhitni muhofaza qilish, raqamli texnologiyalar va sunʼiy intellekt asosidagi boshqaruv tizimlari sohalarida ham loyihalarni rivojlantirmoqda.

Kompaniya dunyodagi 70 dan ortiq mamlakatda 1 mingdan ziyod loyihani amalga oshirgan.

2025 yil yakunlariga ko‘ra, Sinoma International Engineering kompaniyasining tushumi 73,27 mlrd dollar, sof foydasi 4,23 mlrd dollar, jami aktivlari esa 91,65 mlrd dollarni tashkil etgan.

Muzokaralardan so‘ng Toshkent viloyati delegatsiyasi Xitoy kompaniyasi faoliyati, uning injiniring ishlanmalari, ishlab chiqarish texnologiyalari va yuqori texnologiyali uskunalari, shuningdek, zamonaviy sanoat loyihalarini amalga oshirish tajribasi bilan tanishdi.

Uchrashuv yakunlari bo‘yicha tomonlar Toshkent viloyatining sanoat salohiyati va investitsiya imkoniyatlarini inobatga olgan holda qurilish materiallari ishlab chiqarish, sanoat injiniringi, zamonaviy texnologiyalar va istiqbolli ishlab chiqarish sohalaridagi loyihalarni birgalikda o‘rganishga kelishib oldi.

Tomonlar tanlab olingan loyihalarni amalga oshirishning amaliy bosqichiga o‘tkazish niyatida.

Dilafro'z Niyazova
Dilafro'z Niyazova

Dilafruz Niyazova 2025-yildan buyon UzDaily jamoasida faoliyat yuritib, nashrning o'zbek tilidagi versiyasi uchun mas'uldir.