Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — O‘zbekiston birinchi xonimi Ziroat Mirziyoyeva O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Janubiy Koreyaga davlat tashrifi doirasida Koreya Respublikasi birinchi xonimi Kim Xe Gyon hamrohligida Koreya Milliy saroy muzeyiga tashrif buyurdi.
Muzey ekspozitsiyasi besh asrdan ortiq vaqt davomida Koreya tarixida alohida o‘rin egallagan Choson sulolasining ko‘p asrlik tarixi va madaniy merosiga bag‘ishlangan.
Ziroat Mirziyoyevaga sulola vakillariga tegishli qadimiy qo‘lyozmalar va sheʼriy asarlar, anʼanaviy liboslar hamda saroy madaniyatiga oid boshqa buyumlar namoyish etildi. Eksponatlar o‘sha davr turmush tarzi, anʼanalari va badiiy merosining o‘ziga xos xususiyatlarini aks ettiradi.
Muzeyga tashrifdan so‘ng Ziroat Mirziyoyeva va Kim Xe Gyon ikki tomonlama uchrashuv o‘tkazdi.
Suhbat davomida O‘zbekiston va Koreya xalqlarining ko‘p yillik do‘stlik, o‘zaro hurmat va madaniy mushtaraklikka asoslangan yaqinligi qayd etildi.