Turizm

Toshkentda CAREC mamlakatlarida turizmni rivojlantirish muhokama qilindi

Toshkentda CAREC mamlakatlarida turizmni rivojlantirish muhokama qilindi
Toshkentda CAREC mamlakatlarida turizmni rivojlantirish muhokama qilindi / Foto: O'zbekiston Turizm Qo'mitasi.

Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — Toshkentda Markaziy Osiyo mintaqaviy iqtisodiy hamkorlik dasturi (CAREC)ning Turizm bo‘yicha ishchi guruhi yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Unda mintaqaviy turizm hamkorligini rivojlantirish masalalari muhokama qilindi.

Tadbirda CAREC mamlakatlarining turizm sohasidagi idoralari vakillari, Osiyo taraqqiyot banki (OTB), xalqaro tashkilotlar, rivojlanish bo‘yicha hamkorlar va xususiy sektor vakillari ishtirok etdi. Yig‘ilish O‘zbekiston Turizm qo‘mitasi ko‘magida o‘tkazildi.

Ishtirokchilar Ishchi guruh faoliyatini qayta tiklash va jadallashtirish, 2025 yil noyabr oyida imzolangan CAREC doirasida turizmni mintaqaviy rivojlantirish bo‘yicha o‘zaro anglashuv memorandumini amalga oshirish masalalarini ko‘rib chiqdi. Shuningdek, 2026–2027 yillarga mo‘ljallangan qo‘shma faoliyatning ustuvor yo‘nalishlari belgilandi.

Asosiy mavzulardan biri barqaror turizm va xizmatlar savdosi sohasida OTBning texnik ko‘mak bo‘yicha yangi loyihasi bo‘ldi.

Belgilangan yo‘nalishlar qatorida turizm sohasini raqamlashtirish, kadrlar salohiyatini rivojlantirish, turistik statistikani takomillashtirish, barqaror turizm tamoyillarini joriy etish va mintaqaviy Visit Silk Road portalini modernizatsiya qilish nazarda tutilgan.

Transchegaraviy turizmga ham alohida eʼtibor qaratildi. Ishtirokchilar qo‘shma turistik yo‘nalishlar va koridorlarni tashkil etish, infratuzilmani rivojlantirish, davlat-xususiy sheriklikni kengaytirish hamda turizm sohasida mintaqaviy investitsiya portfelini shakllantirish masalalarini muhokama qildi.

CAREC mamlakatlari vakillari milliy ustuvor yo‘nalishlar, dolzarb vazifalar va istiqbolli loyiha tashabbuslarini taqdim etdi.

Bundan tashqari, ishtirokchilar UN Tourism bilan hamkorlik qilish imkoniyatlarini, jumladan, «Ipak yo‘li» tematik ofisi bilan hamkorlikni, shuningdek, 2027 yilda Barqaror va bardoshli turizm xalqaro yili doirasida qo‘shma ishlarni amalga oshirish istiqbollarini ko‘rib chiqdi.

Yig‘ilish yakunlari bo‘yicha tomonlar Ishchi guruhning keyingi qadamlarini kelishib oldi, mintaqaviy hamkorlikning ustuvor yo‘nalishlari hamda turizm sohasidagi istiqbolli milliy va transchegaraviy loyihalarni belgiladi.

Yakuniy kun doirasida CAREC mamlakatlari va xalqaro tashkilotlar vakillari O‘zbekistonning turistik salohiyati bilan tanishdi.

Ular BMT Turizm akademiyasi va turistik infratuzilma obyektlariga tashrif buyurib, mamlakatning turistik mahsulotlar yaratish, infratuzilmani rivojlantirish va kadrlar tayyorlash bo‘yicha tajribasini o‘rgandi.

Toshkentdagi yig‘ilish barqaror va transchegaraviy turizm, investitsiyalarni jalb etish hamda CAREC doirasida mintaqaviy hamkorlikni mustahkamlash sohalarida tajriba almashish va qo‘shma yechimlarni ishlab chiqish maydoni bo‘ldi.

Dilafro'z Niyazova
Dilafro'z Niyazova

Dilafruz Niyazova 2025-yildan buyon UzDaily jamoasida faoliyat yuritib, nashrning o'zbek tilidagi versiyasi uchun mas'uldir.