Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — Xitoylik tibbiyot mutaxassislari Xorazm viloyatida 68 nafar bolani tibbiy ko‘rikdan o‘tkazib, 30 ta jarrohlik amaliyotini bepul amalga oshirdi. Bu haqda “Dunyo” axborot agentligi O‘zbekistonning Shanxay shahridagi Bosh konsulxonasiga tayangan holda xabar berdi.
Delegatsiya tarkibiga Fudan universiteti Bolalar shifoxonasi, «Sir Run Run Shaw» shifoxonasi, «Future Smile» jamg‘armasi va «Meihao Tuoxin Biotechnology Co., Ltd.» kompaniyasining 18 nafar shifokori hamda vakillari kirdi.
Viloyat ko‘p tarmoqli bolalar tibbiy markazida xitoylik mutaxassislar urologiya, jag‘-yuz jarrohligi, plastik jarrohlik, ortopediya va umumiy jarrohlik yo‘nalishlarida operatsiyalar o‘tkazdi.
Viloyat va tuman tibbiyot muassasalari shifokorlari uchun amaliy trening ham tashkil etildi. Bundan tashqari, tibbiy markazga texnik yordam sifatida videolaringoskop topshirildi.
Hamkorlik O‘zbekiston Sog‘liqni saqlash vazirligi va «Future Smile» jamg‘armasi o‘rtasida tuzilgan memorandumga muvofiq amalga oshirilmoqda. 2025 yilda Xanchjou shahrida 18 nafar o‘zbek pediatri malaka oshirish kurslarida qatnashdi. Sentyabr oyida xitoylik mutaxassislar 94 nafar bolani ko‘rikdan o‘tkazib, 30 ta bepul operatsiyani amalga oshirdi. Joriy yil aprel oyida Milliy bolalar tibbiy markazi bazasida yana 50 nafar mahalliy shifokor taʼlim oldi.
Tashrif doirasida Xitoy delegatsiyasi Samarqand va Farg‘ona viloyatlarida ham bo‘ldi. Farg‘ona viloyati ko‘p tarmoqli bolalar shifoxonasi bilan 2027 yilning birinchi yarmida bolalarga jarrohlik amaliyotlarini o‘tkazish bo‘yicha dastlabki kelishuvga erishildi.
Bundan tashqari, «Meihao Tuoxin Biotechnology Co., Ltd.» vakillari Tibbiy va farmatsevtika sanoatini rivojlantirish agentligi bilan muzokaralar o‘tkazdi.
Tomonlar O‘zbekistonda tibbiy uskunalar hamda tibbiy-kosmetik mahsulotlar ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish imkoniyatlarini muhokama qildi.