Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — 2026 yil sentyabr oyining birinchi yarmida belgilangan talablarni bajarmagan 105 ta kompaniya IT Park ishtirokchilari reyestridan chiqarildi. Yil boshidan buyon ushbu chora 943 ta kompaniyaga nisbatan qo‘llanilgan. Bu haqda IT Park Uzbekistan xabar berdi.
Reyestrdan chiqarilgan kompaniyalarning eng ko‘pi Toshkent shahrida ro‘yxatdan o‘tgan bo‘lib, ularning soni 433 tani tashkil etdi. Keyingi o‘rinlarda Toshkent viloyati — 77 ta, Samarqand viloyati — 68 ta, Qoraqalpog‘iston Respublikasi — 60 ta, Farg‘ona viloyati — 56 ta va Xorazm viloyati — 38 ta kompaniya bilan qayd etildi.
Sirdaryo viloyatida reyestrdan 36 ta kompaniya chiqarilgan bo‘lsa, Surxondaryo viloyatida — 33 ta, Namangan viloyatida — 29 ta, Qashqadaryo viloyatida — 25 ta, Navoiy viloyatida — 24 ta, Jizzax viloyatida — 22 ta, Andijon va Buxoro viloyatlarida esa 21 tadan kompaniya reyestrdan chiqarildi.
IT Park ishtirokchilari qonunchilikda nazarda tutilgan imtiyoz va preferensiyalardan foydalanish huquqiga ega. Shuningdek, ular biznesni rivojlantirish va xalqaro bozorlarga chiqishga qaratilgan qo‘llab-quvvatlash dasturlaridan foydalanishlari mumkin. Biroq ishtirokchi maqomini saqlab qolish uchun kompaniyalar belgilangan talablarga rioya qilishi kerak.
Asosiy shartlar 2019 yil 15 iyuldagi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 589-son qarori, shuningdek, IT Park bilan tuzilgan kelishuvda belgilangan.
Jumladan, ishtirokchilar tasdiqlangan faoliyat yo‘nalishlari va biznes-reja doirasida ishlashi, o‘z faoliyati natijalari haqidagi maʼlumotlarni o‘z vaqtida taqdim etishi, har yili auditdan o‘tishi hamda IT Park bilan tuzilgan kelishuv shartlariga rioya qilishi lozim.
Ushbu talablarni bajarish ishtirokchi maqomini saqlab qolish va IT Park rezidentlari uchun nazarda tutilgan imtiyozlar hamda qo‘llab-quvvatlash choralaridan keyinchalik ham foydalanish uchun zarur hisoblanadi.