Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — 11–12 sentyabr kunlari Turkmanistonda Markaziy Osiyo davlatlarining Orol dengizi havzasi masalalari bo‘yicha ikkinchi maslahat uchrashuvi bo‘lib o‘tdi.
Ikki kunlik muloqotda davlat organlari, xalqaro va mintaqaviy tashkilotlar vakillari, shuningdek, suv resurslari, ekologik barqarorlik va suv diplomatiyasi sohasidagi ekspertlar ishtirok etdi.
Ishtirokchilar suv resurslarini barqaror boshqarish, tabiiy ekotizimlarni tiklash, suv xavfsizligini taʼminlash va transchegaraviy hamkorlikni rivojlantirish masalalarini ko‘rib chiqdi.
BMTning Orol dengizi havzasi uchun maxsus dasturini amalga oshirish bo‘yicha umumiy mintaqaviy yondashuvni shakllantirish va keyingi qo‘shma harakatlarni muvofiqlashtirishga alohida eʼtibor qaratildi.
Aral Sea Wetlands tashabbusi doirasida O‘zbekiston Orolbo‘yi ekotizimlarini tiklash, tabiiy resurslardan barqaror foydalanish va mahalliy hamjamiyatlarning barqaror daromad manbalarini qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan yondashuvlarni ilgari surmoqda.
Ishtirokchilar, shuningdek, Orolbo‘yining ekologik barqarorligini taʼminlash uchun hamkorlikni davom ettirish, o‘zaro ishonchni mustahkamlash va qo‘shma yechimlarni ishlab chiqish zarurligini taʼkidladi.